Jahon | 07:15 / 05.11.2015
3613
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada nikohdan keyin er-xotin o‘z familiyasida qolishiga ruxsat berilishi talab qilinmoqda

Yaponiyaning bir guruh fuqarolari mamlakat sudiga nikohdan keyin er-xotindan birortasi o‘z familiyasini o‘zgartirishi talab qilinadigan amaldagi qonunchilik me'yorlarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilib murojaat qilishdi. NHK telekanalining xabar berishicha, Yaponiya Oliy sudi 4 noyabrda ushbu shikoyatni ko‘rib chiqishni boshladi.

Ushbu qonunga ko‘ra, nikoh qayd qilingandan keyin er-xotin er yoki xotinning familiyasini o‘ziga tanlashi kerak. Da'vogarlarning fikricha, bu qonun me'yori jinslar tengligi tamoyilini buzadi. 

Shu da'vo bilan bir qatorda oila huquqiga tegishli yana bitta da'vo arizasi ko‘rib chiqiladi. Da'voda ko‘rsatilishicha, amaldagi qonunda er-xotin ajrashgandan keyin ayolning 6 oygacha qayta turmush qurishi taqiqlanishi konstitutsiyaga ziddir. Bu hujjat 100 yil avval qabul qilingan va ajrashishdan keyin tug‘ilgan bolaning otasi kimligini aniqlashda xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka imkon bergan. Bu qonun me'yoriga qarshi chiqayotganlarning ta'kidlashicha, bu me'yor konstitutsiyaga ziddir va ayolning obro‘sini kamsitadi. Ayniqsa hozirgi zamonda irsiy tahlilning ishonchli usullari ishlab chiqilgani hisobga olinadigan bo‘lsa, ko‘pchilik bu me'yorni eskilik sarqiti deb hisoblamoqda.

Ushbu da'volar bo‘yicha yakuniy qaror joriy yil davomida chiqariladi. Agar sud da'vogarlarning talablarini qondiradigan bo‘lsa, yaponiyalik qonun chiqaruvchilar oila kodeksining eskirib qolgan qoidalarini qayta ko‘rib chiqishlari kerak bo‘ladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish