Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Benzema «Real»ga qaytib, mashg‘ulot o‘tadi va Peres bilan uchrashdi
Madridning «Real» klubi hujumchisi Karim Benzema kecha, 5 noyabr kuni jamoa ixtiyoriga qaytib keldi va individual tarzda mashg‘ulot o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, hujumchi chorshanba kuni Fransiya politsiyasi tomonidan ushlangan va bir kun tergov bergan edi.
Madridliklar Benzema mashg‘ulotda ishtirok etganini rasman tasdiqlashdi.
"Real" klubi prezidenti Florentino Peres futbolchi bilan uchrashgan va uni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Prezident Benzemaning harakatlarida hech qanday jinoyat alomati bo‘lmaganiga ishonishini aytgan.
"Klub futbolchining professionalligini qadrlaydi va u jamoadoshlari bilan har doim yaxshi munosabatda bo‘lganini tasdiqlaydi. Benzema olti yil davomida buni namoyish etib kelgan va jamoaning yetakchi futbolchilaridan biri bo‘lgan", - deyiladi klub bayonotida.
Benzema "Lion" jamoasi yarim himoyachisi Mate Valbuenaga qarshi tovlamachilik qilishda ayblanmoqda. Jinoyatchilar guruhi Valbuenaga obro‘yini tushiradigan videolavha borligini bildirishgan va ma'lum mablag‘ni olishmasa, uni ommaga ma'lum qilishlarini aytishgandi. Ushbu guruhda Karim Benzema ham bo‘lgani aytilmoqda.
Shu vaqtga qadar sud Benzemaga ayblanuvchi yoki guvoh maqomini berishda aniqlik kirita olmay turgan edi. Ammo futbolchining o‘zi tergovda Valbuenaga jinoyatchilar so‘ragan mablag‘ni berishni maslahat qilganiga iqror bo‘lgach, Benzemaga ayblov bildirildi. Endi faqat Valbuenaning o‘zi Benzemani oqlay olishi mumkin. Bugun Valbuena ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida suratini yangiladi va Benzema bilan birga tushgan suratini joylashtirdi. Demak futbolchi terma jamoadagi hamkorini oqlashga yordam beradi.
Futbolchi aybdor deb topilgan taqdirda unga eng og‘ir jazo sifatida besh yillik ozodlikdan mahrum etilish jazosi qo‘yilishi mumkin.
Qayd etish kerakki, tergovchilar Benzemani noqonuniy giyohvand moddalar savdosiga aralashganlikda ham gumon qilib, tekshiruv o‘tkazishmoqda.