08:02 / 06.11.2015
3533

«Kommersant'»: “qora qutilar” o‘qilishi A321 samolyoti falokati sabablarini aniqlashga yordam bermadi

Misrda falokatga uchragan Rossiyaning Airbus A321 samolyoti “qora qutilari”ning o‘qilishi aviafalokat sabablarini aniqlashga hech qancha yordam bermadi, deb xabar bermoqda “Kommersant'” nashri.

Nashrning tergovga yaqin manbalari ma'lumotlariga ko‘ra, “qora qutilar” o‘zi joylashgan samolyotning dum qismi uzilib ketishi bilanoq samolyot tizimi ko‘rsatkichlarini yozishdan to‘xtagan.

Nashrning yoziishicha, vaziyat shunchalik shiddatli kechganki, uchuvchilar unga javob berishga ham ulgurmay qolganlar. Bu “qora qutidagi” uchuvchilar suhbati ham tergovga yordam bera olmasligini anglatadi.

Nashrning ta'kidlashicha, “qora qutilar” parvozning butun 20 daqiqasi davomida samolyotning barcha tizimlari soz ekanligini ko‘rsatgan. Samolyot deyarli zarur bo‘lgan balandlikka ko‘tarilgan. Shundan so‘ng samolyot tizimlarini qayd qilish bir onda uzilib qolgan.

Ekspertlarning fikricha, bu salonning portlash oqibatida germetiksizlanishi oqibatida yuz bergan bo‘lishi mumkin. Buning oqibatida samolyotning dum qismi ajralib ketgan. Bunda “qora qutini” datchiklar bilan ulab turgan barcha kabellar ham uzilib ketgan.

Uchuvchi kabinasidagi ekspluatatsion registrator ham voqea sabablarini o‘rnatishga yordam berishi mumkin edi, biroq u himoya qobig‘isiz bo‘lgan va samolyot yerga urilganda parchalanib ketgan.

Top