Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Muxlislari YeChL madhiyasi vaqtida hushtakbozlik qilgani uchun "Barselona" jazolanishi mumkin
UYeFA rahbariyati Yevropa chempionlar ligasining «Barselona» va BATE jamoalari uchrashuvi paytida mahalliy muxlislarning ba'zi harakatlaridan norozi bo‘lmoqda, deya xabar beradi As nashri.
3:0 hisobida «Barselona» klubi foydasiga hal bo‘lgan uchrashuv boshida Chempionlar ligasi madhiyasi yangrayotgan paytda kataloniyalik muxlislar norozilik bildirib, hushtakbozlik qilishgan. Uchrashuv davomida esa UYeFAni mafiya tashkiloti ekanini aytib hayqiriqlar amalga oshirishgan.
Yuqorida nomi keltirilgan ispan nashrining yozishicha, UYeFA mazkur munosabat tufayli «Barselona» klubiga intizomiy chora ko‘rish bo‘yicha ish ochgan.
Shuningdek, muxlislar stadionga Kataloniya mustaqilligining ramzi bo‘lgan bir necha mingta «Estelada» bayroqlarini hilpiratib turishgan. Biroq UYeFA bu borada Barselona klubini jazolashdan oldin Lozannadagi sport arbitraj sudi (CAS) qarorini kutishni afzal bilgan.