18:04 / 06.11.2015
4371

O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘iziston fuqarosining o‘g‘irlab ketilgan mollarini qaytarishdi

O‘zbekiston chegarachilari Qizg‘iziston hududidan O‘zbekistonga o‘g‘rincha olib o‘tilgan yirik shoxli chorva mollarini qirg‘iz tomoniga qaytardi. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi Davlat chegara xizmati ma'lumotiga asoslangan holda 24.kg xabar qildi.

Ular ma'lumotiga ko‘ra, “Kerben” chegara qismiga fuqaro T.T. murojaat qilib, Jalolobod viloyati Aksiy tumani Beshbatman qishlog‘ida uch nafar noma'lum shaxs hujum qilib, unga tegishli bo‘lgan uy hayvonlarini O‘zbekistonga haydab ketgani haqida xabar beradi.
Qirg‘iziston chegara xizmati vakillari O‘zbekiston Respublikasi chegarachilari bilan uchrashib, o‘zbek tomoniga davlat chegaralarining buzilishi holati bo‘yicha dalillarni taqdim etadi.

O‘zbek tomoni xabariga ko‘ra, chegara hududida tezkor qidiruv tadbiri o‘tkazilib, shu kunning o‘zida chorva mollari topilgan va qirg‘iz tomoniga yetkazilgan. O‘zbekiston Respublikasi vakili noqonuniy harakatlarni sodir etgan shaxslarni qidirish ishlari davom ettirilib, natija haqida ularga xabar berilishini ma'lum qilgan.
Qayd etilishicha, bugungi kunda shu kabi masalalar tomonlarning chegara vakillari darajasida tezkor hal etilmoqda.

Top