O‘zbekiston | 07:44 / 06.11.2015
3420
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha savdo-iqtisodiy missiyasi Toshkentda ko‘pgina tadbirlarda qatnashishni rejalashtirmoqda

2015 yilning 5 noyabrida Toshkentdagi “Miran International” mehmonxonasida jurnalistlar uchun matbuot-anjuman tashkil qilindi va unda Polsha savdo-iqtisodiy missiyasi Toshkentdagi tashrifi dasturi haqida ma'lumot berdi. Birozdan keyin shu yerning o‘zida “Polsha-O‘zbekiston” biznes-anjumani bo‘lib o‘tdi.

Yevropadan kelgan delegatsiyani matbuot-anjumanida Polsha iqtisodiyot vazirligining ikki tomonlama hamkorlik va ko‘mak ko‘rsatish departamenti direktori o‘rinbosari Eljbeta Bodio va Umumpolsha xo‘jalik palatasi bosh direktori Marek Klochko taqdim qildi.    

Eljbeta Bodio xonim jurnalistlarga Polsha iqtisodiyoti vaziri o‘rinbosari Grajina Xentslevska boshchilik qilayotgan delegatsiya tarkibiga 30 ga yaqin polshalik vakil kirganini ma'lum qildi. Ular orasida Polsha iqtisodiyot va moliya vazirliklari mutaxassislari, Umumpolsha xo‘jalik palatasi, Polshaning boshqa tashkilot va korxonalari rahbarlari bor.  

Eljbeta Bodio anjumanga yig‘ilganlarga 2014 yilda O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo aylanmasi 170 mln dollarni, 2015 yilning 8 oyida esa 90 mln dollarni tashkil qilgani va bu ko‘rsatkichlar ikki davlat salohiyatlariga mos kelmasligini aytdi. Uning aytishicha, polshalik tadbirkorlar o‘zbekistonlik hamkorlar bilan ishbilarmonlik aloqalari va investitsion hamkorlikni chuquqrlashtirishga qiziqish bildirmoqdalar va bu aloqalar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar darajasiga ijobiy ta'sir qilishi kerak. 

Polshalik mehmonlar 3 noyabrdan Toshkentda bir qator tadbirlarda ishtirok etdilar va 7 noyabrgacha yana bir qator tadbirlarda ishtirok etadilar. 

Polsha missiyasi a'zolarida 5 noyabrda Toshkentda boshlangan Xalqaro investitsion anjuman katta qiziqish uyg‘otdi.  Polsha missiyasining Toshkentga tashrifidan asosiy maqsad ham bu anjumanda ishtirok etishdan iborat. Tadbirda yevropalik tadbirkorlar o‘z davlatlarida biznesni yuritish uchun yaratilgan sharoitlar haqida so‘zlab beradilar, O‘zbekistonda xorijiy investorlarga taklif qilinayotgan imkoniyatlar bilan tanishadilar.

Polshalik tadbirkorlarda energetika, qurilish, kimyo sanoati, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi va turizm sohasidagi hamkorlik masalalari katta qiziqish uyg‘otmoqda.  

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish