20:49 / 06.11.2015
4932

Putin A321 samolyotining falokatga uchrashi sabablari aniqlashtirilmaguncha Misr bilan aviaaloqani to‘xtatishga rozi bo‘ldi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya Milliy aksilterrorchilik qo‘mitasi (MAQ) tavsiyalariga ko‘ra Misrda A321 samolyoti falokatga uchrashi sabablari aniqlashtirilmaguncha Misr bilan aviaaloqani to‘xtatishga rozi bo‘ldi, deb xabar bermoqda Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Peskovning aytishicha, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov MAQ yig‘ilishi natijalariga ko‘ra bildirilgan bu tavsiyalarni Putinga yetkazib qo‘ydi. “Putin bu tavsiyalarga rozi bo‘ldi”, deb aytdi Peskov.

”Putin hukumatga MAQning bu tavsiyalarini amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish va Rossiya fuqarolarining vatanlariga qaytishlarini ta'minlash vazifasini yukladi”. deb ta'kidladi Peskov. Peskovning aytishicha, “prezident, shuningdek, havo aloqasi xavfsizligini ta'minlash maqsadida Misr bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni buyurdi”.

Peskovning aytishicha, Putin Misr bilan aviaaloqani falokat tergovi yakunlangunga qadar emas, balki xavfsizlikning zaruriy darajasi ta'minlangunga qadar to‘xtatishni buyurgan.
Peskovning qo‘shimcha qilishicha, Putinning Misrga parvozlarni to‘xtatish qarori aviafalokat yuz berishiga asosiy sabab terakt bo‘lganini anglatmaydi.

Top