Jamiyat | 21:18 / 06.11.2015
12740
11 daqiqa o‘qiladi

Suriyalik sobiq tadbirkorning qanday qilib Olma-otada oddiy chilimkash bo‘lgani haqida

Bugun butun dunyo Yaqin Sharqda sodir bo‘layotgan voqealarni kuzatmoqda. Kimdir achinish bilan, yana kimdir minglab suriyalik qochqinlarning turli davlatlar chegaralarini kesib o‘tayotganiga salbiy munosabat bildirmoqda.

Qozog‘istonda ushbu urushdan qochgan suriyalik ko‘p emas – atigi 25 kishini tashkil etadi. Ulardan ko‘pchiligi bu yerda oldin o‘qishgan, ishlashgan yoki qozog‘istonlik qizlarga uylanishgani evaziga Qozog‘istonga kelishgan.

Vatandan uzoqda yashash va begona mamlakatni uyim deyishga majbur bo‘lgan ikki kishining tarixi hech kimni befarq qoldirmaydi. Ulardan biri taqdirdagi burilishlarni tan olgan bo‘lsa, boshqasi uchun esa Suriyaga qaytish cheksiz orzu...

Hech bo‘lmasa kimdir omon qolishi uchun oila ikkiga ajraldi

“Mening ismim Jalol Ahmad al-Abdulla. Suriyaning Al-Hasaka shahridan kelganman, uch yildan beri shu yerdaman. Nima uchun Qozog‘istonni tanladim? Chunki men avvallari shu yilda yashaganman. Olma-ota shahriga ilk marta 1992 yilda kelganman. Turizm bilan shug‘ullanib, Suriyaga bormoqchi bo‘lganlarga yordam berardim.

1993 yilda esa bo‘lajak rafiqam bilan tanishdim. U Qog‘og‘iston fuqarosi. 2004 yilda biz Suriyaga ketdik, farzandlarimiz o‘sha yerda tug‘ilishini istadik, biroq bu amalga oshmadi...

Jangovar harakatlar boshlanganidan ikki yil o‘tib, biz u yerdan ketdik. Endilikda Qozog‘iston – mening ikkinchi vatanim.

Janglar butun Suriya bo‘ylab davom eta boshladi. Qozog‘iston konsuli Qozog‘iston Respublikasi fuqarolariga ketish uchun yordam berishini e'lon qildi. U bizga Suriyani tark etishda ko‘maklashdi, chiptalarni sotib olib berdi.

Uchib ketish uchun poytaxtga kelayotganimizda ikkiga bo‘lindik: oilaning bir qismi avtobusda, boshqa qismi esa men bilan mashinada ketdi. Buni amalga oshirishdan maqsad, yo‘lda otishma bo‘lsa, kimdir omon qolishi uchun edi. Yaxshi yetib keldik. Menimcha, bizga yashash nasib qilgan.

Hozircha meni qochqin sifatida qabul qilishdi, bir yil vaqt o‘tdi. Qiyinchiliklar bo‘ldi: oilamiz katta, farzandlar maktabda arab tilida ta'lim olishar edi, bu yerda esa – rus va qozoq tillarida. Ular yig‘lashdi, shikoyat qilishdi, biroq iloj qancha? Ularni bir sinf pastga qabul qilishdi, ular hozirga qadar kursga borishadi, qo‘shimcha darslar olishadi.

Biz Suriyada yashagan vaqtda, ta'lim sohasida davlat yordamiga umid qilgan edik. Katta qizim shu yili universitetga kirdi, hozircha grant asosida. Biroq keyingi yildan pullik ta'limga o‘tishiga to‘g‘ri keladi – u umumiy tibbiyotga kirmoqchi edi, grant esa hamshiralik ishiga berildi.

Biz u yerda yashaganimizda, men Qatar shahrida biznes bilan shug‘ullanar edim, oilam esa Suriyada edi. O‘zimning transport biznesim mavjud bo‘lib, ikki davlat orasida qatnar edim. Farzandlarim uchun barchasidan voz kechdim. Hozirda chilimkash bo‘lib ishlayapman. Tun bo‘yi. Ertalabgacha. Dam olish kunlarisiz.

Ijaradagi uyda yashaymiz, unga 150 ming tanga to‘laymiz. Rostini aytsam, oilamni boqish menga og‘ir. Ba'zida “Qizil yarim oy” yordam beradi, Qatardagi do‘stim ham ko‘mak ko‘rsatadi.

Suriyada katta oilam bor, olti ukam, uch singlim va onam. Onam, singillarim va uch nafar ukam hozirda Suriyada yashaydi, qolganlar esa Livan, Rossiya va Turkiyada istiqomat qilishmoqda.

Ikki marta uydan qochishga to‘g‘ri keldi, uyning yaqinida bomba portlashi sodir bo‘ldi. Hech kimda uydan chiqib ketib, tirik holda qaytishga kafolat yo‘q.

Suriya doimo dunyodagi barqaror va xavfsiz mamlakatlardan biri bo‘lib kelgandi. Men tunlari ham, kunduz kuni ham yo‘lda, hozirda IShID vayronaga aylantirgan Palmira yaqinida yurardim. Yo‘lda mashinam buzilib qolganida u yerni tomosha qilishim mumkin edi.

Bu – inson tarixi, bitta toshni ham buzishga hech kimning haqqi yo‘q edi. Yangiliklarni ko‘rganimda, ko‘zimdan yosh oqadi, vatanimga achinaman. Hech nimani qoldirishmadi, hammasi buzib tashlandi.

Men oddiy odamman, oliy ma'lumotim yo‘q, biroq mening fikrim: hamma aybdor, birinchi navbatda buni moliyalashtirganlar. An'analarimizga ko‘ra, ko‘chada ikki kishi urishsa, sen ularni ajratib, xotirjam qilishing lozim. Ularni bir-biriga qarshi qayrash yaramaydi. Agar qurollarga sarflaganlarining to‘rtdan bir qismini ta'limga ajratganlarida, Suriya umuman boshqacha bo‘lardi.

Bunda barchaning aybi bor. Biroq prezidentimiz eng so‘nggi aybdor ekanligi aniq. Men hech qachon prezident partiyasining tarafdori bo‘lmaganman, menda ham hukumatga qarshi shikoyatlar bor, biroq ularning hech biri mamlakatni buzishga arzimasdi. Asosiysi - inson, ular o‘rtasidagi munosabatlar.

Mening shahrimda hamma – xristianlar ham, musulmonlar ham, yahudiylar ham, Xudoga ishonmay, shaytonga ishonadiganlar – izidistlar ham yashardi. Izidist kishi biz bilan o‘tirganida, uni xafa qilmaslik uchun shayton haqida gapirmaslikka harakat qilardik.

Mening cho‘qintirgan otam – arman, xristian. Mening otam esa taqvodor, hatto so‘fiy. Shunga qaramay, biz ahil yashardik. Bu urush kimga kerak bo‘ldi?

Mening uzoq qarindoshlarim – uch-to‘rt yigit IShIDni qo‘llab-quvvatlashar edi. Biroq ular, aqli yo‘q kishilar. Ularning hozir qayerda ekanligini hech kim bilmaydi. Biroq men shuni aytishim mumkin: harakatni qo‘llab-quvvatlaganlar yo sobiq bezori, yoki korruptsioner jinoyatchilar. Madaniyat va bilimga ega bo‘lgan risoladagi insonlar esa hukumatga qarshi bo‘lishlariga qaramay, uyda o‘tirishgan va hech kimning tarafdori bo‘lishmagan.

Bu yerda menga yaxshi munosabat ko‘rsatishdi. Ayniqsa suriyalik ekanligimni bilishgach. Qozog‘iston – mehmondo‘stlik mamlakati. Men o‘zimni bu yerda qulay his etaman, xuddi o‘z uyimdagidek. Shikoyatlar yo‘q. Qozoq xalqiga katta rahmat”...

Ketib qoldik, biroq qayta olmadik

“Mening ismim – Xolid Hasan Abu Jalil. Men Qozog‘istonga Suriyaning Homs shahridan ancha oldin, hali urush bo‘lmagan vaqtlarda ish bilan kelganman. Parranda fabrikasida rahbar edim. O‘sha yerda rafiqam bilan tanishdim, 1996 yilda turmush qurdik va 2010 yilgacha shu yerda yashadik. Bir kuni Suriyaga bir necha oyga mehmonga bormoqchi bo‘ldik, o‘sha yerda uning ko‘zi yoridi. Ushlanib qolishga to‘g‘ri keldi, o‘sha vaqtda urush boshlandi”.

Urush sababli bolaga hujjat ololmadik, mamlakatdan chiqib ketolmadik, Qozog‘istonga qaytishga ilojimiz bo‘lmadi. Bizga Qozog‘iston konsuli yordam berdi, u hujjatlarni yubordi, menga viza ochib, chiptalar sotib oldi va bizni bu yerga yubordi.

Bu yerda men qochqin maqomini oldim. Rafiqam – Qozog‘iston fuqarosi. Hozirda besh farzandimiz bor, ularda rus tili bilan muammo yo‘q, rus va qozoq tillarida so‘zlashadilar.

Suriyada avvalari hamma narsa arzon edi, yaxshi yashardik. Urush boshlangach, hamma narsa qimmatlashdi. Oilamiz baxtiga, u katta – 12 kishidan iborat, urush bizga tegmadi, portlashlar yaqin edi, biroq bizning qishlog‘imizga kirishmadi. U yerda yashash xavfli, uydan 10-12 kilometr uzoqlikda urush ketyapti. Odamlar u yerdan – Iordaniya, Turkiyaga ketib qolishmoqda. Onamni olib ketishni istardim, biroq bu mushkul.

Maoshim yetmaydi; yaxshiyamki ba'zida yordam berishadi (“Qizil Yarim oy”). Bu yerda ijarada turamiz, sotib olish uchun uy qimmatlik qiladi. Vatanimga qaytishni istamayman – ishim, rafiqam shu yerda, farzandlarim allaqachon Qozog‘iston fuqaroligini olishgan. Men shu yerda yashashni istayman”.

Hodisalarning asl ko‘rinishi
Bu kishilar Qozog‘istonda ularni qabul qilishganidan minnatdorlar, ulardan hech biri masalan, ish topish muammosi haqida gapirmagan. Avvalari esa qochqinlarga hatto birinchi yordam ham ko‘rsatilmasdi. Bu haqida BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha yuqori komissarining Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy Vakili Eduardo Irezabel hikoya qiladi.

“Qochqinlarning 90 foizi – mamlakatga 2000 yildan so‘ng, toliblarning Afg‘onistonga bostirib kelishidan so‘ng kelib qolgan afg‘onistonliklar. Afg‘onistonlik qochqinlar miqdori bo‘yicha Suriyadagi qochqinlardan keyin dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi, bu guruh uchun imkoniyat topish ayniqsa muhim. Masalan, Qozog‘istonda qochqinlar o‘n yildan ortiq vaqt davomida yashab kelayotganlariga qaramay, jiddiy muammolar bilan to‘qnash kelmoqdalar”.

Ularning maqomi eng katta muammoligicha qolmoqda. Hozirgi kunda vaqtinchalik yashaydigan xorijliklar maqomi berilyapti. BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha yuqori komissari hukumat bilan qochqinlarga doimiy yashaydigan xorijliklar maqomi berilishi borasida hamkorlik olib boryapti. Bu esa ularga qonuniy mehnat bozoriga kirish, soliqlarni davlat byudjyetiga to‘lash va jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shish imkonini beradi.

BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha yuqori komissari hukumat bilan qochqinlar tushunchasiga “umumiy kuch ishlatish vaziyatlaridan qochishga majbur bo‘lganlar”ko‘rinishida o‘zgartirish kiritish bo‘yicha ham yaqin hamkorlik qilmoqda. Hozirgi vaqtda qochqin maqomini olish uchun mojaro yoki urush zonasidan qochishga majbur bo‘lgan, boshpana izlayotgan shaxs ta'qib etishni individual asoslarda tasdiqlashi lozim. Suriya va Ukraina qochqinlari ham ushbu muammoga to‘qnash kelishyapti.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish