06:55 / 07.11.2015
4022

Sud-tibbiyot ekspertlari tojikistonlik chaqaloq tsitomegalovirus infeksiyasidan halok bo‘lgan degan xulosaga kelishdi

13 oktabrda Sankt-Peterburgda olamdan ko‘z yumgan, tojikistonlik muhojirlarning 5 oylik chaqalog‘i Umarali Nazarov tsitomegalovirus infeksiyasidan halok bo‘lgan. Bu haqda sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasida aytilmoqda, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.  

“Umarali Nazarov”ning o‘limiga tsitomegalovirus infeksiya sabab bo‘lgan. Bu infeksiya yurak-o‘pka yetishmovchiligi rivojlanishi sababli avj olgan”, deb ta'kidlamoqdalar bolaning jasadi bilan 16 kun davomida ishlagan sud-tibbiyot ekspertlari.

Bolakayning o‘limi haqidagi dastlabki dalolatda o‘lim sababi sifatida yurak-o‘pka yetishmovchiligi va ORVI ko‘rsatilgan edi, endi tashxis aniq qo‘yildi. Ushbu infeksiya bilan bola homila paytidayoq zararlangan bo‘lishi mumkin, unda bunday vaziyatda bola turli patologiyalar bilan tug‘iladi. Sud-tibbiyot ekspertlari xulosasida bolaning ichki a'zolarida na etil spirti, na giyohvand modda yoki kuchli ta'sir qiluvchi yoki dori vositalari topilmagani belgilangan.    

Umarali Nazarov uning onasi Zarina Yunusova migratsiya qonunchiligini buzgani uchun qo‘lga olinganda uning yaqinlaridan tortib olinib, Tsimbalin nomidagi bolalar shifoxonasiga yuborilganda shifoxonada olamdan ko‘z yumgan. Rossiya Ichki ishlar vazirligida ushbu holat yuzasidan xizmat tergovi o‘tkazilgan. “Politsiya xodimlarining xatti-harakatlarida hech qanday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgani aniqlanmagan, ular qonunan to‘g‘ri deb tan olindi”, deyilmoqda IIV bergan xabarda.

Ma'lumot uchun, tsitomegalovirus infeksiya (Human Cytomegalovirus Infection) insonning turli a'zolari va tizimlariga zarar yetkazuvchi infeksiya bo‘lib, turli yo‘llar bilan (so‘lak, jinsiy yo‘l, ona suti, homila paytida va shu kabi yo‘llar) yuqishi mumkin. Odatda o‘zini aniq bir simptom bilan namoyon qilmaydi, biroq immunitet pasayganda faollashadi.

Top