Sport | 11:51 / 08.11.2015
3297
2 daqiqa o‘qiladi

“Lion” futbolchisi Valbuena 20 noyabr kuni sudda ko‘rsatma beradi

Fransiyaning “Lion” jamoasi a'zosi Matyo Valbuena o‘zining shantaj qilinishi bilan bog‘liq ravishda qo‘zg‘atilgan ish yuzasidan ko‘rsatma berish uchun 20 noyabr kuni sudga chaqirildi. Bu haqda I Tele kanali xabar berdi.

Aytilishicha, Valbuena Fransiya termasi bo‘yicha jamoadoshi Karim Benzema bilan bo‘lib o‘tgan suhbati xususida batafsil ma'lumot berishi kerak bo‘ladi.
Chorshanba kuni Benzema Valbuenadan shantaj yo‘li bilan pul undirishda ayblanib hibsga olingan edi.

Tergov ma'lumotlariga qaraganda, bir guruh firibgarlar Valbuenaning shaxsiy videolarini ommalashtirish bilan qo‘rqitib, undan pul undirishga harakat qilgan. Bu guruhda Karim Benzema ham bo‘lgani gumon qilinmoqda.

Aytilishicha, video dastlab Benzemaning telefonida bo‘lgan, undan esa futbolchilarga xizmat ko‘rsatuvchi xususiy firmalardan birining vakili qo‘liga tushib qolgan. Aynan o‘sha odam Valbuenani shantaj qila boshlagani taxmin qilinmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish