Jahon | 23:47 / 08.11.2015
5898
2 daqiqa o‘qiladi

Times nashri: Buyuk Britaniya Rossiyani “oliy darajadagi xavf” deb topmoqchi

Buyuk Britaniya milliy xavfsizlikning yangi strategiyasi doirasida Rossiyani o‘zi uchun “oliy darajadagi xavf” deb topmoqchi. Bu yangi strategiyani mamlakat bosh vaziri 23 noyabrda taqdim qilishi rejalashtirilgan, deb xabar bermoqda Times nashri.

Bunday darajadagi xavflar orasida, shuningdek, Yevropaga kelayotgan muhojirlar bilan bog‘liq barqarorsizlik, terrorchilik, IShID kabi terrorchilik guruhlari faoliyati va Ebola bezgagi tarqalishi kabilar keltirib o‘tilgan.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, bunday xavflarning tahlili Britaniya hukumati tomonidan har 5 yilda o‘tkaziladi. 2010 yilda Rossiya mamlakatga xavf solayotgan tahdidlar orasiga kiritilmagan edi. Nashr o‘z manbasiga iqtibos keltirgan holda Buyuk Britaniya hukumati bunday xulosaga oxirgi 5 yil ichida Rossiya tajovuzining ortishi sabab kelgan. Xususan, gap Rossiyaning Ukraina va Suriyadagi ixtiloflardagi ishtiroki haqida ketmoqda.

G‘arb Rossiyani bir necha bor Ukrainadagi ixtilofga aralashish va “Qrimni bosib olishda” ayblagan. Rossiya bu ayblovlarni inkor qilib kelmoqda va Qrim Rossiya tarkibiga o‘z istagi bilan kirganini ta'kidlamoqda.

AQSh mudofaa vaziri Eshton Karter 6 noyabrda Rossiya va Xitoyni dunyo tartibiga xavf solayotgan davlatlar deb atagan. U Rossiyani Yevropada ixtiloflarni avj oldirishda, xususan Ukraina va Gruziya suverenitetini buzishda, Boltiqbo‘yi davlatlarini ko‘rqitishda aybladi va AQSh o‘z ittifoqchilari bilan Rossiyani ushlab turish variantlarini muhokama qilayotganini ta'kidlab o‘tdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish