08:49 / 09.11.2015
15513

“Sport” telekanalida “Sokker klub” ko‘rsatuvining takrori efirdan olib tashlandi

31 oktabr kuni “Sport” telekanali orqali “Sokker klub” ko‘rsatuvining navbatdagi soni efirga uzatilishi va u kelishilgan o‘yinlarga bag‘ishlanishi haqida ma'lum qilgandik.

Muallif Diyor Imomxo‘jayev dastur efir yuzini ko‘rmagunicha, u haqda hech narsa deya olmasligini aytib o‘tgandi.

31 oktabr – shanba kuni soat 22:10da namoyish etilgan “Sokker klub” ko‘rsatuvi ko‘plab futbol muxlislarida iliq taassurot qoldirdi. Buni ijtimoiy tarmoqlar orqali qoldirilgan izohlardan ham bilish mumkin. Shuningdek, “Chempion+” gazetasining 5 noyabr kungi sonidagi bosh maqola ham ijodiy guruh rahbari Xayrulla Hamidov tomonidan aynan “Sokker klub” ko‘rsatuviga bag‘ishlandi.

O‘zbek futbolidagi kelishilgan o‘yinlarga bag‘ishlangan dasturga asos bo‘lib 25 sentabr kuni o‘tkazilgan “Paxtakor” hamda “Metallurg” klublari ishtirokidagi o‘yin xizmat qilgandi. Ko‘rsatuv ijodkorlari shuning asnosida oliy va birinchi liga klublari o‘rtasidagi musobaqalarda kelishilgan o‘yinlar bor ekaniga sha'ma qilib o‘tishdi. Buni loyiha mehmoni, “Oq-tepa” klubi rahbari G‘anisher Shog‘ulomovning intervyusi ham yaqqol tasdiqlab turgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, futbol uchrashuvlarining deyarli hammasida klublar hakamlarga ma'lum miqdorda pul ham beradi.

“Sokker klub” mehmonlaridan yana biri – huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev qonun buzilishi holatlari haqida to‘xtalib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu kabi ishlarga federatsiya ruxsatisiz aralashishlari mumkin ekanini aytib o‘tdi. O‘zbekiston futbol federatsiyasi qoshidagi kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashuvchi ekspertlar qo‘mitasi raisi Ahrol Inoyatov esa barcha muammoni federatsiyaning o‘zi hal qila olishiga barchani ishontirdi. Muallif Diyor Imomxo‘jayevning ekspertlardan biri o‘yindan chiqqanligi, qolganlari ham kelishilgan uchrashuvlarda ishtirok etmaganiga kim kafolat berishi haqidagi savoliga Ahrol Inoyatov reglamentga hali ko‘pgina o‘zgartirishlar kiritishilishi kerakligi bilan javob qaytardi.

Ko‘rsatuv davomida shuningdek, O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonovning mavsum oldidan jamoatchilik uchun bergan va'dasi eslatib o‘tildi. Unga ko‘ra, joriy mavsum so‘nggida 2-3ta klub prezidenti va yana shuncha murabbiylar futboldan butunlay chetlatilishi kerak. Qo‘shimchasiga, Mirabror Zufarovichning “Paxtakor” va “Metallurg” uchrashuvidan keyingi yopiq yig‘ilishda aytgan fikrlari ham iqtibos tarzida keltirib o‘tildi.

“Sokker klub”ning kelishilgan o‘yinlarga bag‘ishlangan soni yetarli darajada shov-shuvga sabab bo‘lganidan keyin, uning takroran efirga uzatilishini so‘rab murojaat qilganlar ko‘pchilikni tashkil etdi. Ma'lum sabablarga ko‘ra, dasturni tomosha qila olmaganlar haftalik dasturlarda ko‘rsatib o‘tilganidek, 7 noyabr – shanba kunini kuta boshlashdi. “Sokker klub” aynan shu kuni soat 16:05da efirga uzatilishi kerak edi.

Biroq voqealar rivoji o‘zgarib ketdi. 7 noyabr kuni “Sokker klub” takrori o‘rniga Zlatan Ibrohimovichning hayotiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi. Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, kelishilgan o‘yinlarga bag‘ishlangan ko‘rsatuv efirdan olib tashlandi. Muallif Diyor Imomxo‘jayevning o‘zi esa kun.uz tomonidan berilgan savolga bu haqda hech narsa bilmasligi bilan javob berdi. Uning ishonch bilan aytishicha, “Sokker klub” o‘z faoliyatini davom ettiradi. Dasturni yopish borasida hozircha hech qanday gap-so‘z bo‘lmagan.

SPORT telekanalidan efirga uzatilgan Soccer club ko‘rsatuvining 31 oktabr kungi sonini tomosha qiling:

Top