21:17 / 09.11.2015
9766

AQSh Hisob palatasi sobiq rahbari: AQShning qarzi aslida 18 trln emas, 65 trln

AQSh Hisob palatasi sobiq rahbari Devid Uoker AQShning davlat qarzi e'lon qilingandek 18,5 trln dollar emas, balki aslida taxminan 65 trln dollarni tashkil qiladi, deb aytdi. Bu haqda The Hill nashri xabar bermoqda.

Uoker AQShning barcha ta'minlanmagan majburiyatlarining summasini hisoblab shunday fikrga keldi.

“Agar siz bu 18,5 trlnga ta'minlanmagan fuqarolik va harbiy pensiya hamda iste'fodagi harbiylarni parvarish qilish bo‘yicha majburiyatlar, ijtimoiy ta'minot va davlat tibbiyot sug‘urtasi sohalaridagi qo‘shimcha moliyalashtirilmaganlik, turli majburiyatlar va federal hukumatning ko‘zda tutilmagan xarajatlarini qo‘shsangiz, asl raqam taxminan 65 trln dollarni tashkil qiladi va islohotlar yo‘qligida bu qiymat avtomatik ravishda o‘sib boradi”, deb aytdi Uoker.

Bill Klinton prezidentligi davrida AQSh Hisob palatasini boshqargan Uokerning aytishicha, AQShning o‘sib borayotgan milliy qarzi ham ichki, ham tashqi siyosatdagi u yoki bu tashabbuslarni amalga oshirishga xalaqit bermoqda.

AQSh kongressi tomonidan qabul qilingan 2016 yilga byudjyet kelishuviga ko‘ra, AQSh davlat qarzining limiti 2017 yilning martigacha avtomatik ravishda ko‘tarilib boriladi. The Washington Times nashrining yozishicha, Obama prezidentligi paytida AQSh davlat qarzi 2 barobarga ko‘paygan. Nashrning taxminicha, amaldagi prezidenti AQShni 20 trln dollarlik qarz bilan qoldiradi.

Top