19:24 / 09.11.2015
2311

Tunis parlamentining 32 deputati iste'foga chiqishga ariza berdi

Tunis prezidenti Baji Kaid As-Sabsiy boshchilik qiladigan “Nido Tunis” partiyasining a'zolari bo‘lgan mamlakat parlamentining 32 deputati rahbariyatning nodemokratik usullari sababli iste'foga chiqishga ariza berdi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.

“Bizga prezident komissiyasi, partiyaning yagona qonuniy organini chaqirtirishga ruxsat berilmagandan keyin hukmron blokni tark etishga qaror qildik. Biz partiya boshqaruvining nodemokratik usullariga norozilik sifatida iste'foga chiqishga ariza berdik”, deb aytdi deputat Xassun Nasfiy.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, deputatlarning bunday qadamga qo‘yishlari mamlakat prezidenti o‘g‘li Hofiz Kaid As-Sabsiy atrofidagi mojaro bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Prezident o‘g‘li otasidan keyin uning o‘rnini egallamoqchi.

Agentlikning ma'lum qilishicha, hukmron partiya a'zolarining ommaviy tarzda iste'foga ketishi raqobatchi “An-Naxda” islomiy partiyasiga parlamentda ko‘pchilikni shakllantirishga imkon beradi. Bu esa hukumatning byudjyet xarajatlarini cheklash bo‘yicha islohotlarni o‘tkazishga urinishlariga ancha qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Bunday cheklashlarni amalga oshirishni Tunisdan xalqaro kredit-moliya tashkilotlari talab qilmoqda.

2014 yil oktabrda prezident boshchilik qiladigan “Nido Tunis” partiyasi parlament saylovlarida yutib, Milliy assambleyada 85 o‘rin olgan. Unga raqobatchi “An-Naxda” partiyasi esa parlamentdagi 217 o‘rindan 69 o‘ringa ega bo‘lgan.

Top