O‘zbekiston | 21:05 / 09.11.2015
16337
3 daqiqa o‘qiladi

“Angren – Pop” temir yo‘li 2016 yilning mart oyida ochiladi

O‘zbekiston 2016 yil martigacha “Angren – Pop” yangi, elektrlashtirilgan temir yo‘lni ishga tushirishga qaror qilgan. Bu haqda sputnik nashri “O‘zbekiston Temir yo‘llari” vakiliga asoslanib, xabar tarqatgan.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, yo‘l ishga tushirilishining aniq sanasi hali ma'lum emas, lekin temiryo‘lchilar ushbu yo‘lni, O‘zbekistonning asosiy bayramlaridan biri bo‘lgan – Navro‘z arafasida ishga tushirishni rejalashtirishgan.

“Mart oyi oxirida biz ushbu yo‘nalishda poyezdlar ishchi harakatni boshlaymiz. Avvaliga undan faqat yuk poyezdlari yuradi, 2016 yilning sentabrida esa, yo‘lovchilar tashish boshlanadi”, — deydi suhbatdosh.

Ma'lumot uchun, ushbu yo‘l qurilishi 2013 yilning yarmida bshlangan bo‘lib, uning uzunligi 123,1 kmni tashkil qiladi. Uning alohida jihati shundaki, yangi temir yo‘l balandligi 2200 metr bo‘lgan “Qamchiq” dovoni orqali o‘tgan. Dovondan o‘tish uchun Xitoyning China Railway Tunnel Group kompaniyasi bilan hamkorlikda uzunligi 19 km bo‘lgan tunnel qurilib bitkazilmoqda. Ushbu tunnel qurilishi uchun 455 mln dollar mablag‘ sarflangan. Tunneldan tashqari bu yerda 285 yordamchi obekt, 22ta ko‘prik, 6ta temir yo‘l bekati va ikkita vokzal qurilgan.

Ma'lum qilinishicha, yangi yo‘nalishning ochilishi Xitoy – O‘rta Osiyo — Yevropa xalqaro temiryo‘l tranzit koridori tashkil qilinishini bildiradi.

Ekspertlar xabariga qaraganda, temir yo‘l ishga tushganidan keyin birinchi yil mobaynida 600 ming yo‘lovchi va 4,5 mln tonna yuk tashish ko‘zda tutilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 1,6 mlrd dollarni tashkil qildi, shundan 1,08 milliard dollarlik qismi “O‘zbekiston temir yo‘llari” sarmoyasi, O‘zbekiston rekonstruksiya va taraqqiyot fondi va davlat byudjyeti hisobida. Eksimbank 350 mln dollar, Jahon banki esa 195 million dollar mablag‘ni ushbu loyiha uchun kredit sifatida yo‘naltirgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish