09:34 / 10.11.2015
3030

BMT vakili: Burundi hukumati vaziyat ustidan nazoratni qo‘ldan chiqarmoqda

2015 yilning aprelidan beri Burundida hukumatga qarshi o‘tkazilgan namoyishlar vaqtida o‘ldirilganlar soni 240 nafardan ortiq bo‘lgan. Bu haqda BMTning inson huquqlari bo‘yicha vakili Zayd Raad al-Husayn ma'lum qilgan.

"Aprelda boshlangan namoyishlar davomida kamida 240 kishi ko‘chalarda otib ketilgan. Keyingi 1 oy ichida muxolifat vakillari sifatida gumon qilingan yuzlab kishilar (marhumlarni ko‘mishda qatnashgan, ularning oila a'zolari va muxolifatga moyilligi bor kishilar) qamoqqa olindi", deydi BMT vakili.

Uning qo‘shimcha qilishicha, 280 mingdan ortiq kishi qatag‘onga uchrashdan qo‘rqib, o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan va qo‘shni mamlakatlarga qochqin sifatida o‘tgan.
2005 yilda Bujumburada 1993-2005 yillardagi fuqarolar urushidan keyin ochilgan BMT ofisi 2014 yilda hukumat so‘rovi bilan yopilgan edi.

"Oradan 1 yil o‘tdi. Bugunga kelib mamlakat siyosiy inqiroz yoqasiga kelib qolgan. Aholi soni o‘smoqda va bu iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Burundi yashash uchun xavfli hududga aylandi", deydi BMT vakili Jyeffri Feltman.

9 noyabr kuni Bujumburada qurolli hujum amalga oshirilib, 2 kishi halok bo‘ldi. O‘tgan haftada esa politsiya kiyimidagi shaxs shahar baridagi odamlarga qarata o‘t ochgach, kamida 9 kishi o‘ldirilgan, ular orasida BMT vakili ham bo‘lgandi.

Burundidagi nizolar shu yilning aprelida, mamlakat prezidenti Per Nkurunziza uchinchi muddatga ham o‘z nomzodini qo‘yishi haqida ma'lum qilgach, boshlandi. U iyul oyidagi saylovda g‘alaba qilgach, siyosiy qotilliklar yuz bera boshladi: prezident qo‘riqchilari boshlig‘i, general shtabning sobiq boshlig‘i, hukumat partiyasining yetakchilaridan biri hamda muxolifat partiya rahbarlari shular jumlasidan.

Jyeffri Feltmanning qayd etishicha, Burundidagi vaziyat o‘nglab bo‘lmas darajada yomonlashib bormoqda va endilikda qonuniy hukumat qanchalik shafqatsiz choralar qo‘llamasin, vaziyatni nazoratdan chiqaradi.

O‘z navbatida Burundi TIV rahbari Alan Nyamitve mamlakatda siyosiy inqiroz alomatlari yo‘qligini, qotilliklar ijrochilari topilib, sud qilinishi va jazoga tortilishini ma'lum qilgan.

Biroz avvalroq, Burundi poytaxti aholisi qatag‘ondan qo‘rqib, shaharni tashlab ketayotgani xabar qilingandi.

Top