17:53 / 10.11.2015
5528

Britaniyalik sobiq harbiy 1972 yilgi "Qonli yakshanba" ishi bo‘yicha hibsga olindi

Buyuk Britaniyada sobiq harbiy 1972 yilda ro‘y bergan "Qonli yakshanba" voqeasi bo‘yicha hibs qilindi. Bu haqda Sky News xabar tarqatdi.

66 yoshli sobiq harbiy Antrim grafligi hududida qo‘lga olingan.

1970 yilning 30 yanvar kunida Buyuk Britaniya birinchi batalonining parashyutchilar polki askarlari Shimoliy Irlandiya aholisi huquqlarini himoya qilish uyushmasi tomonidan tashkil qilingan namoyish ishtirokchilarini o‘qqa tutgandi.

O‘shanda namoyishga chiqqanlardan 13 nafari otib o‘ldirilgan, ularda 6 nafari voyaga yetmaganlar, biri esa rohib edi. Shuningdek, bu o‘qqa tutish oqibatida 14 kishi turli darajada jarohatlangan.

Londonderrida yuz bergan bu voqeadan keyin irlandlarning ayirmachilik harakatlari kuchayib, keyingi 30 yil davomida Irlandiya respublikasi armiyasi (IRA) tomonidan uyushtirilgan teraktlar tufayli o‘ldirilganlar soni 3 mingdan ortiq bo‘ldi. Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizabeta Ikkinchining amaktvachchasi, lord Mauntbatten ham shunday teraktlar qurboni bo‘lgan. 1979 yilning avgustida separatistlar lordning yaxtasini portlatib yuborishgandi.

1972 yilda tuzilgan maxsus komissiya askarlarning o‘sha vaziyatda tutgan yo‘li to‘g‘ri bo‘lganini qayd etishgan.

1998 yilda bosh vazir Toni Bler tashabbusi bilan ushbu hodisa bo‘yicha tekshiruv boshlangan. Komissiya 12 yil davomida ish olib borib, 2010 yilning 15 iyunida matbuotda natijalar e'lon qilingan. Bu hisobotda harbiylarning harakati noqonuniy bo‘lgani qayd etilgan. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi o‘sha namoyish ishtirokchilarining oila a'zolariga tovon puli to‘lanishi kerakligini taklif qilgan.

Top