Jahon | 10:18 / 10.11.2015
4919
2 daqiqa o‘qiladi

YeTTB 2015 yilda Tojikiston iqtisodiyoti 5 foizga qadar sustlashishini bashorat qildi

Tojikiston YaIM o‘sishi 2014 yildagi 6,7 foizdan 2015 yilda 5 foizgacha pastlashadi, deyiladi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB)ning iqtisodiy bashoratida.

2016 yilda esa YeTTB respublika YaIM ko‘rsatkichining 4,5 foiz darajada o‘sishini bashorat qilmoqda. Umuman, hisobotda joriy yilda Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi kuzatilishini keltirib o‘tilgan.

Mintaqa bo‘yicha 2015 yildagi o‘rtacha o‘sish ko‘rsatkichi 3,8 foiz, 2016 yilda esa 3,9 foizga yetishi kutilmoqda. 2014 yildagi Markaziy Osiyo davlatlari yalpi milliy mahsulotining o‘rtacha o‘sish darajasi 6 foizni tashkil etgan edi.

YeTTB hisobotida qayd etilishicha, iqtisodiy o‘sishning sekinlashuviga ikkita asosiy omil sabab bo‘lmoqda: Rossiya iqtisodiyotining sustlashuvi va xomashyo mahsulotlari narxining arzonlashuvi.
YeTTB prognoziga ko‘ra, Qirg‘izistonda 2015 yilda YaIM 5 foiz, Qozog‘istonda – 1,2 foiz, Turkmanistonda – 8,5 foiz va O‘zbekistonda – 7,5 foiz darajasida o‘sadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish