Jahon | 18:21 / 10.11.2015
12610
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiyada efiopiyalik enaga 3 yoshli bolaning boshini olishga harakat qilganida qo‘lga olindi

Saudiya Arabistonida efiopiyalik enaga 3 yoshli bolaning boshini olishga harakat qilganida qo‘lga olindi. Bu haqda GulfNews xabar qilmoqda.

Aytilishicha, enaga bu xonadonga ishga yollanganiga 5 kun bo‘lgan. O‘sha kuni ayol uxlab yotgan bolaning boshini pichoq yordamida kesib olmoqchi bo‘lgan. Bola yig‘lay boshlaganida ayol uning yuziga shapaloq tortib yuborgan.

Bir necha daqiqadan so‘ng bolaning onasi kelib qolib, enaga tashlangan va uning qo‘lidan pichoqni tortib olishga intilgan. Bir muddatdan so‘ng ona enagani zararsizlantirgan. So‘ng bolani olib ko‘chaga chiqib ketgan va odamlardan yordam so‘ragan. Haydovchilardan biri ularni shifoxonaga eltib qo‘ygan, u yerda bolaga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Jinoyat juma kechasi ar-Riyodda sodir bo‘lgan.

“Bolaning tirik qolgani mo‘'jizadir, - dedi jabrlanuvchining qarindoshi. – Enaga uni o‘ldirishga harakat qilgan, tomog‘i va og‘ziga, qulog‘i va yelkalariga urgan. Shuningdek, orqasiga ikki marta urgan. Ayol bolasini qutqarish uchun xonasiga kirganida enaga “o‘lim, o‘lim” deb pichirlayotgan edi. Ayol bolasini olib chiqqanida uning usti-boshi qon bo‘lib ketgan. Bir yaxshi inson uni qirol Abdulla nomli shifoxonaga eltib qo‘ydi, u yerda bolaning hayoti saqlab qolindi”.

Aytilishicha, enaganing aqli joyida emasligi bois u jinoiy javobgarlikka tortilmay qolishi mumkin. Ayni paytda, u maxsus muassasada saqlanib, bolalar tarbiyasiga bundan buyon jalb qilinmasligi tayin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish