Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda ijara asosida yashovchi aholini monitoring qilish uchun maxsus guruhlar tuzildi
Toshkent shahar hokimligida joriy yilning 9 iyulida qabul qilingan “Toshkent shahridagi turar va noturar joy obektlari hamda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarning monitoringini tashkil etish to‘g‘risida”gi 613-sonli, 26 oktabrdagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni ta'minlash va fuqarolarning pasport tizimi qoidalariga rioya etishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish to‘g‘risida”gi 918-sonli qarorlar hamda 9 oktabrdagi “Toshkent shahridagi turar va noturar joy obektlarining monitoringini yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi 182-f sonli farmoyishlarning mazmun-mohiyati va ijrosi bo‘yicha brifing tashkil etildi.
Unda Toshkent shahar hokimligi, davlat Soliq bosh boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi shahar bo‘limi, Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi, barcha kommunal xizmati ko‘rsatuvchi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi.
10 noyabrdan Toshkentda hokimning farmoyishi bilan turarjoy va noturarjoy obektlarini xatlash boshlandi. Buning uchun poytaxtning barcha 457ta mahallasida tuman hokimligi, IIBB, yer resurslari va davlat kadastri, turarjoy binolaridan foydalanish departamenti, «Mahalla» jamg‘armasi va shahar XUJMSh uyushmasi vakillaridan iborat ish guruhlari tashkil etildi.
Shahar hokimligida o‘tgan brifingda xabar qilinishicha, ish guruhlari vazifasiga boshqalari qatorida ijaraga berilgan va bo‘sh kvartiralarni, shuningdek, ijaraga berilgan kvartiralarda yashovchi kishilarning shaxsini aniqlash kiradi. Yangi va qurilayotgan obektlar ham u yerlarda ishlayotgan kishilar sonini hisobga olish uchun tekshiriladi.
Tuman IIBda obektlarni ijaraga beruvchi va ularni ijaraga oluvchi shaxslarning ma'lumotlar bazasini tuzishga kirishildi. Bu poytaxtda yashovchi kishilar sonini aniqlash va ijaraga beruvchilarning mas'uliyatini oshirish imkonini beradi, deya ta'kidlandi brifingda.
Toshkentda 10 iyuldan 20 avgustgacha turarjoy va noturarjoy obektlari monitoringi o‘tkazilgan va uning maqsadi ularda yashayotgan shaxslarni va kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni aniqlash bo‘lgan edi. Monitoring u yerda yashovchi shaxslar bilan kommunal to‘lovlarni to‘layotgan kishilar soni o‘rtasida jiddiy farq borligini ko‘rsatdi.