Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiya bosh vaziri: Anqara Suriya tomondan solinadigan barcha xavflarga javob beradi
Turkiya Suriya tomondan xavf solingudek bo‘lsa, o‘zining xavfsizligini havo va yerdan turib ta'minlashga tayyor. Bu haqda Turkiya bosh vaziri Ahmet Dovudo‘g‘lu TRT telekanali efirida aytdi.
“Agar Suriya tomondan Turkiyaga nimadir xavf solsa, biz mos ravishda javob beramiz. Biz yer va havodan turib himoyalanamiz. Agar Suriya inqirozini hal qilish bo‘yicha strategiya ishlab chiqilsa va uning amalga oshirilishida BMT va hamma davlatlar ishtirok etsa, unda biz ham bu jarayonga qo‘shilamiz”, deb aytdi Dovudo‘g‘lu.
Bundan tashqari, Dovudo‘g‘lu Suriya inqirozini hal qilish masalasini AQSh prezidenti Barak Obama bilan muhokama qildi. Tomonlar “IShIDga qarshi kurashish bo‘yicha Turkiya faolroq rol o‘ynashi kerak bo‘lgan yangi strategiya zarur” degan fikrga keldilar.
Turkiya bosh vaziri Kurdiston ishchi partiyasi jangarilari va boshqa ekstremistik guruhlar bilan kurash borasida gapirar ekan, “kurash mamlakat bu elementlardan to‘liq tozalanguncha davom etadi”, deb aytdi. “IShID va Kurdiston ishchi partiyasi bilan kurash o‘rtasida hech qanday farq yo‘q. Biz hech qachon birorta ham terrorchilik guruhiga beparvo qaramaganmiz. Suriyada ham gap faqat IShIDda emas. Agar Suriyada IShIDni yo‘q qilib, inqirozning o‘zi hal qilinmasa, u yerda boshqa guruh paydo bo‘lishi mumkin”, deb aytdi Ahmet Dovudo‘g‘lu.