11:53 / 11.11.2015
3686

"Chelsi" futbolchilari Drogbaning ortga qaytarilishini so‘rashmoqda

"Chelsi" futbolchilari ayni vaqtda MLSdagi "Monreal Impakt" jamoasida o‘ynayotgan ivuarlik futbolchi Dide Drogbaning ortga qaytarilishi bo‘yicha tashabbus bilan chiqishdi. Bu haqda jamoadagi manbasiga asoslangan holda The Sun nashri xabar qilgan.

Jamoa rahbariyati esa bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan va qishki tanaffus paytida Drogbani jamoaga qaytarmoqchi.

“Dide hamisha jangovar ruhda maydonga tushadigan futbolchi. U uch-to‘rt tilda gaplasha oladi, turli millatga mansub futbolchilar bilan yaxshi chiqishardi. U Instagramda jamoa futbolchilari birgalikda tushgan suratlarni doimiy ravishda joylashtirib borardi. 2012 yilda Chempionlar ligasidagi g‘alabadan keyin Drogba barcha jamoadoshlariga tilla soat sovg‘a qilgandi”, - degan futbolchilardan biri.

Bir qancha futbolchilar uni sog‘inishgani haqida ma'lum qilishgani aytilgan.

Jamoa bosh murabbiyi Joze Mourino Drogbaning jamoaga qaytishini istamayotgani qo‘shimcha qilib o‘tilgan.

Ma'lumot uchun, "Monreal Impakt" MLSdagi ishtirokini yakunladi. Jamoa chorak finalda "Kolambus Kryu"dan 3:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Drogba 2004 yilda "Marsel"dan "Chelsi"ga kelib, 2012 yilgacha Londonda qolgan, keyingi mavsumda Xitoyning "Shanxay Shenxua" jamoasiga o‘tgan futbolchi 1 mavsum o‘tgach, Turkiyaning "Galatasaroy" jamoasida faoliyat ko‘rsatgandi. U 2014-15 yillar mavsumini ham "Chelsi"da o‘tkazdi va jamoa bilan 2ta sovrin yutdi. Joriy mavsumda MLSga yo‘l olgan 37 yoshli futbolchi 14 o‘yinda 12ta gol urishga ulgurdi.

Top