10:06 / 11.11.2015
5369

Chilida bir soat ichida 6,9 magnitudali ikkinchi zilzila sodir bo‘ldi

11 noyabrda Chili sohillari yaqinida bir soat ichida 6,9 magnitudali ikkinchi zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda AQSh Geologik xizmati ma'lum qildi.

Zilzila mahalliy vaqt bilan soat 2:46 da (Toshkent vaqti bilan 7:46 da) qayd qilingan. Zilzila markazi mamlakatning shimolidagi Elki viloyatidagi Kokimbo shahridan shimoli-g‘arbiy tomonga 98 km uzoqlikda, o‘chog‘i esa 10 km chuqurlikda bo‘lgan.

Avvalroq shu hududda mahalliy vaqt bilan 1:54 da ham 6,6 magnitudali zilzila yuz bergandi. Talofatlar va jabrlanganlar haqida ma'lumot berilmagan. Tsunami yuz berishi xavfi yo‘q.

Kokimbo hududi Chilida 16 sentabrda sodir bo‘lgan 8,3 magnitudali zilzila oqibatida eng katta talofat ko‘rgan hudud bo‘lgan edi. O‘shanda tabiiy ofat oqibatida 15 kishi halok bo‘lgan, 6 mingdan ko‘proq odam boshpanasiz qolgan, 970 dan ortiq uy vayronaga aylangan edi.

Top