19:27 / 11.11.2015
8732

Deputatlar O‘zbekiston Respublikasining 2016 yilgi Davlat byudjyetini qabul qilishdi

11 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida, Deputatlar O‘zbekiston Respublikasining 2016 yilgi – Davlat byudjyeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlari, shuningdek, soliq va byudjyet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihalarini ko‘rib chiqishdi.

Qonunchilik palatasi axborot xizmatining xabar berishicha, majlisda ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – moliya vaziri Rustam Azimov hamda Qonunchilik palatasining Byudjyet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi A.Shodmonov ma'ruza qilishgan.

Kelgusi yilga shakllantirilgan soliq-byudjyet siyosatining asosiy yo‘nalishlarida, shuningdek asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarda yalpi ichki mahsulotning 7,8 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 8,2 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,1 foizga, kapital qo‘yilmalar hajmi 9,6 foizga o‘sishi nazarda tutilayotganligini alohida qayd etildi.

2016 yilgi Byudjyetnoma loyihasida mikrofirma va kichik korxonalarga mansub bo‘lgan xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasini 6 foizdan 5 foizgacha tushirilishi taklif etilgan. Bu mazkur korxonalar ixtiyorida 58,4 mlrd so‘m qoldirish imkonini beradi.

2016 yilgi Davlat byudjyeti loyihasida madaniyat muassasalarini ta'minlash va sport tadbirlarini o‘tkazish uchun ajratilgan xarajatlar hajmini joriy yilga nisbatan 1,16 baravar oshirish nazarda tutilgan.

Davlat byudjyetining umumiy xarajatlarida ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan xarajatlar 2000 yilda 42,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2015 yildagi 58,7 foizdan, 2016 yilda 59,2 foizga oshirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, kam ta'minlangan va moddiy yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga va bolali oilalarga beriladigan nafaqalar uchun ajratilgan xarajatlar 2008 yilda 639 milliard so‘m bo‘lgani holda, 2016 yilda qariyb 2,1 trln so‘mdan ortiq miqdorga yetishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2016 yilgi Davlat byudjyeti loyihasida fan sohasiga ajratilgan xarajatlar joriy yilga nisbatan 1,36 baravar oshirilgani ma'lum qilindi.

Top