01:04 / 11.11.2015
4937

Moskva politsiyasi ekstremizm xavfi tufayli kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda

Moskva politsiyasi ekstremizm xavfi tufayli kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda, deb xabar bermoqda “Interfaks” axborot agentligi. 

Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i Anatoliy Yakunin “Rossiya 24” telekanali efirida aytib o‘tdi.

Uning aytishicha, Moskva ichki ishlar idoralari ishi “turli manbalardan kelib tushayotgan” xavflar sababli kuchaytirilgan.

“Biz sanoat hududlari, bozorlar va xorijliklar hamda ekstremistik faoliyat sababli qiziqish uyg‘otuvchi boshqa shaxslar bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylarni tekshirmoqdamiz”, deb aytdi Yakunin.

Huquq-tartibot muassasalarining kuchaytirilgan ish tartibi uning bekor qilinishi haqida buyruq bo‘lmaguncha davom etadi.

Yakuninning ta'kidlashicha, ushbu ishlar jamoat transportida xavfsizlik choralarini kuchaytirishni ham o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, Moskva viloyati politsiyasi bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Avvalroq Moskvada terakt uyushtirmoqchi bo‘lgan uch kishi qo‘lga olingani ma'lum qilingandi.

Top