08:25 / 11.11.2015
2465

Oq uyda Obama yangilangan mudofaa byudjyetini imzolashi kutilmoqda

AQSh prezidenti Barak Obama katta ehtimollik bilan mamlakatning yangilangan mudofaa byudjyeti haqidagi qonunni imzolaydi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi. 

Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest ma'lum qildi.

“Prezident milliy mudofaa haqidagi qonunda ko‘zda tutilgan xarajatlar mamlakat xavfsizligini ta'minlash uchun muhim ahamiyatga ega ekanligiga ishonchi komil. Aynan shuning uchun men prezident qonunni imzolaydi, deb ishonaman”, deb aytdi Ernest.

Avvalroq AQSh senati ko‘pchilik ovoz bilan milliy mudofaa haqidagi qonunni ma'qullagani ma'lum qilingandi. Ta'kidlanishicha, hujjat avvalgi qonunda bo‘lmagan mamlakat mudofaasiga xarajatlarning 5 mlrd dollarga qisqartirilishi haqidagi bandni o‘z ichiga olgan. O‘tgan oyda Obama bu hujjatga taqiqlov qo‘ygan edi.

Xabarda aytilishicha, yangi qonunga ko‘ra mudofaa byudjyetida avvalgisining muhim jihatlari saqlanib qoladi. Xususan, Kubadagi Guantanamo qamoqxonasi yopilishiga taqiqlov uzaytiriladi. Shuningdek, qonun Ukrainaga harbiy va razvedka sohalarida 300 mln dollarlik yordam berishga ruxsat beradi.    

Top