23:05 / 11.11.2015
4944

O‘zbekiston 96 foizga aholining oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyojini ichki ishlab chiqarish hisobiga qondiradi

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi tomonidan “Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash – ustuvor vazifa” mavzusida matbuot anjuman o‘tkazildi.

O‘zbekistonda 1990 yilda aholining oziq-ovqat, asosan go‘sht, sut va qandolatchilik mahsulotlariga ehtiyoji import hisobiga qondirilgan bo‘lsa, unda bugungi kunda aholining ushbu mahsulotlarga ehtiyoji 96 foizga respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hisobiga qondirilmoqda.  

Matbuot-anjumanida 2015 yilning yanvar-sentabr oylarida butun respublika bo‘ylab sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishi 10 trln 114,5 mlrd so‘mni tashkil qildi (o‘sish sur'ati 116,5 foiz), bunda Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi korxonalari tomonidan 3 trln 230 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. O‘sish 2014 yilning shu davriga nisbatan 125,8 foizni tashkil qilgan.

Anjumanda nutq so‘zlaganlar ayni paytda O‘zbekistonning har bir fuqarosi bir oy ichida 40 turdagi oziq-ovqat mahsuloti sotib olishi mumkinligi va bunga o‘rtacha ish haqining 40 foizi sarflanishini qayd qildilar.

Mustaqillik yillarida go‘sht iste'moli aholi jon boshiga 1,3 marotaba, sut va sut mahsulotlari 1,6 barobarga, qayta ishlangan meva-sabzavot mahsuloti iste'moli esa deyarli 4 barobarga oshgan. Bu o‘zbek ahli turmush tarzining o‘sib borayotganidan guvohlik beradi.

Tahlilning ko‘rsatishicha, respublikada umuman olganda iste'molning minimal darajasi asosan mahalliy ishlab chiqarish hisobiga ta'minlanmoqda.

Oziq-ovqat sanoati korxonalari tomonidan 3 mingdan ko‘proq nomdagi turli oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarilmoqda va oziq-ovqat mahsulotlari assortimenti har yili 80 ta yangi nom bilan boyib bormoqda.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatini ta'minlash maqsadida oziq-ovqat sanoatining 363 ta korxonasida ISO-9001 xalqaro sifat standartlari va tayyor mahsulotlar xavfsizligi xalqaro sifat standarti ISO-22000 joriy qilingan. 

Matbuot-anjumanda uyushma tomonidan mahalliy oziq-ovqat va xomashyo ishlab chiqarishni barqaror rivojlantirish, bozorga xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari va iste'mol me'yorlarida o‘rnatilgan assortimentda yetkazish bo‘yicha choralar amalga oshirilayotgani ta'kidlab o‘tildi. Bu choralar respublikada oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini oshirishga ko‘mak berishi kerak.

Top