Jahon | 00:48 / 11.11.2015
7520
2 daqiqa o‘qiladi

Putin: AQShning raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimining asl maqsadi Rossiya yadroviy salohiyati kuchini kesishdan iborat

AQShning raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimining kengaytirilishi boshqa yadroviy davlatlar, avvalambor Rossiyaning strategik yadroviy salohiyatini neytrallashtirishdan iborat, deb aytdi Rossiya prezidenti Vladimir Putin. Bu haqda TASS axborot agentligi ma'lum qildi.

“Biz bir necha bor ta'kidlaganmiz, biz bunday harakatlarni raketa-yadroviy qurollanish sohasidagi tenglikka rahna solishga urinishdek baholaymiz. Mohiyatan, bu urinishlar butun global va mintaqaviy barqarorlikni izdan chiqarishga urinishlardir”, deb aytdi Putin Rossiya Qurolli kuchlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan majlisda.

“Eron va Shimoliy Koreya yadroviy xavflariga ishora qilish AQShning asl maqsadlarini yashiradi. Asl maqsad esa AQSh va uning ittifoqchilaridan tashqari boshqa yadroviy davlatlar, avvalambor Rossiyaning strategik yadroviy salohiyatini neytrallashtirishdan iborat”, deb aytdi Putin.

Putinning aytishicha, Rossiya istalgan raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimidan o‘ta oladigan zarba beruvchi tizimlarni rivojlantiradi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish