12:24 / 11.11.2015
4313

Samvel Babayan: KXDRga qarshi o‘yin vaqtida yomg‘ir yog‘sa, bu o‘yinga jiddiy ta'sir ko‘rsatmaydi

Bugun O‘zbekiston - KXDR uchrashuvi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi va unda Samvel Babayan hamda Islom To‘xtaxo‘jayev ishtirok etishdi.

"Ertaga juda muhim o‘yin kutib turibdi. Raqib guruhda birinchi o‘rinda bormoqda. Juda kuchli va hurmatga loyiq jamoa. Biz KXDRning kuchli tomonlarini o‘rganib chiqdik. Ertaga o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatib g‘alabaga erishishga harakat qilamiz. KXDRga qarshi muhim o‘yin kutib turibdi, shu bois barcha muxlislarni stadionga chorlab qolamiz", - deb gap boshladi Samvel Babayan. 

U o‘yin qaydnomasiga kiritiladigan 18 nafar futbolchi nomiga oydinlik kiritib olmagani haqida aytib o‘tgan.

Shuningdek, u o‘z javobida bo‘lajak o‘yin natijasiga ob-havo sharoiti ta'sir ko‘rsatmasligi haqida aytgan.

"Yo‘q. Filippindagi o‘yinda ko‘rgan bo‘lsangiz juda kuchli yomg‘irda o‘ynagandik. Shu bois bu borada muammo bo‘lmaydi", deya javob qiladi Babayan shu xususdagi savolga.

Terma jamoa bosh murabbiyi legionerlar, xususan o‘tgan haftada Rossiya chempionatida muhim o‘yinlarda ishtirok etgan Odil Ahmedov va Vitaliy Denisov Toshkentdagi o‘yinga tayyor holatda yetib kelgani, ularda charchoq alomati yo‘qligini ma'lum qilgan.

"Bu ikkala futbolchi professional hisoblanadi. Tiklanish uchun orada vaqt bo‘ldi. Ertaga maydonga tushib o‘zlarini ko‘rsatishlariga ishonaman", deydi murabbiy.

Anjumandan so‘ng Samvel Babayan qisqacha tilak bildirdi.

"Ertaga juda muhim o‘yin bo‘ladi, bu o‘yinda stadionga kelib, jamoani qo‘llashingizni so‘rayman", deydi u.

Top