Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shahrisabzda “Zoosirk” ish boshladi
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida “Zoosirk” xususiy korxonasi faoliyat ko‘rsata boshladi. Bu haqda UzA xabar berdi.
Ikki gektar maydonni egallagan mazkur xususiy korxonada hayvonot bog‘i, muzey va dam olish maskanlari, turli attraksionlar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Ushbu majmuaning katta qismi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 1 noyabrdagi “2013-2015 yillar davrida Qashqadaryo viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bunyod etildi.
"Dorbozlik san'ati bizga ota meros. Xizmat safari bilan ko‘p mamlakatlarda bo‘ldik. Guruhimiz qoshida ko‘chma sirk tashkil etilgan. Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalanib, shahrimizda hayvonot bog‘i ochdik. O‘tgan yili bankdan olingan 300 million so‘mlik kredit mablag‘i evaziga majmuaning asosiy qismi qurib foydalanishga topshirilgan edi, mana endi to‘liq ishga tushirildi. 100 dan ziyod hayvon va qushlar saqlanayotgan bog‘imizda yer yuzining turli o‘lkalaridan keltirilgan antiqa qushlar va maymunlardan tortib, sher, ayiq, bo‘ri, to‘ng‘iz kabi hayvonlargacha bor", – deydi “Zoosirk” xususiy korxonasi rahbari Sa'dulla Mamadaliyev.
Korxonada 20dan ziyod kishi ish bilan ta'minlandi. Ularning aksariyati kollej bitiruvchilari hisoblanadi.
"Hayvonot bog‘ida tog‘ hayvonlari saqlanadigan bo‘lim ancha keng joyni egallagan. Sher, ayiq, to‘ng‘iz kabi yirtqich hayvonlar maxsus qafaslarda saqlanadi. Tosh uyumlari ustida sakrab yurgan tog‘ qo‘yi, tog‘ echkisi, kenguru, poni zotli ot, Afrika tuyaqushi, lamalar, maxsus hovuzlarda suzayotgan g‘ozlar, birqozon deya nomlanadigan antiqa qushni hayratlanib tomosha qilayotgan bolajonlarning quvonchi cheksiz", deyiladi xabarda.
Majmua markazida balandligi 16, uzunligi 56 metrlik ulkan ajdar haykali o‘rnatilgan. Yoyilgan qanotlarining kengligi naqd 50 metr. Bu yerda ochilgan muzey ham tomoshabinlar bilan gavjum. Muzeyda XV asrdan boshlab yaqin o‘tmishni o‘zida aks ettiruvchi 600 dan ortiq eksponat jamlangan. Shahrisabz tarixi, tabiati va madaniyatiga doir qadimiy osori atiqalar va dorbozlik tarixi bo‘yicha ma'lumotlar barchani qiziqtirishi tabiiy.
Kelgusida bu yerda amfiteatr, bolalar maydonchalari barpo etish ham ko‘zda tutilgan.