15:50 / 11.11.2015
3319

Shimoliy irlandiyalik muxlislar terma jamoaning yangi formasiga qarshi imzo yig‘ishmoqda

Shimoliy Irlandiyada muxlislarga terma jamoaning Yevro-2016 turnirida kiyishi uchun tayyorlangan liboslari yoqmadi va ular bu formaga qarshi arznomaga imzo yig‘ishmoqda.

1 kun ichida 6 ming nafarga yaqin muxlis internet orqali formaning o‘zgartirilishini talab qilgan holda maxsus arznomada o‘z imzolarini qoldirishgan. Ular liboslarning tashqi ko‘rinishi o‘zgartirilishini hamda yangi liboslar Shimoliy Irlandiya termasining 1982 va 1986 yillardagi mundialda kiygan formasiga o‘xshash qilib ishlanishini istashmoqda.

Muxlislarning noroziligiga asosiy sabab formadagi yashil va oq ranglarga to‘q ko‘k rang qo‘shilgani bo‘lmoqda.

Sky Sports nashri ma'lumotiga ko‘ra, liboslarning tashqi ko‘rinishi qanday bo‘lishi haqidagi qarorni Shimoliy Irlandiya futbol uyushmasi qabul qilgan va formalarni tayyorlovchi firma bu kelishuvga rioya qilgan.

Qayd etilishicha, formaning tashqi ko‘rinishi qanday bo‘lishi haqidagi qaror muxlislarning fikrlari inobatga olingan holda 2014 yilning noyabr oyidayoq tasdiqlangandi.

"Biz futbolchilarga qanday kiyim berilsa, o‘shani kiyamiz. Shimoliy Irlandiya terma jamoasining har qanday ko‘rinishdagi libosini kiyish biz uchun faxrdir", deya munosabat bildirgan terma jamoa yarim himoyachisi Oliver Norvud.

Top