Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiyada ilk bor ayollarga qiruvchi samolyotlarni boshqarishga ijozat berildi
Yaponiya Mudofaa vazirligi birinchi marta ayollarga milliy mudofaa havo kuchlarining qiruvchi samolyotlarini boshqarishga ruxsat berildi. Kyodo agentligining 11 noyabrda xabar berishicha, bunday choralar avvalroq qabul qilingan mehnat bilan band ayollar sonini oshirish to‘g‘risidagi qonun talablariga mos ravishda amalga oshirilmoqda.
Taxminlarga ko‘ra, uchuvchi-ayollar F-15 va F-4 samolyotlarida parvoz qilishadi. Buning uchun ular uch yillik tayyorgarlik kursida tahsil olishlari lozim. Qayd etilishicha, Yaponiya mudofaa mahkamasi o‘z qarorini tayyorlashda AQSh va Britaniya tajribasidan foydalandi.
Ayni paytda Yaponiyada ayollar mudofaa kuchlarida yordamchi bo‘linmalarda va tibbiy xodimlar sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Harbiy ayollarning ayrimlari uchuvchilik litsenziyasiga ega va ularga qiruvchilardan farqli ravishda, boshqarish unchalik murakkab bo‘lmagan transport va soqchi samolyotlarida parvoz qilishga ijozat berilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning avgust oyida Yaponiya parlamenti ishlayotgan ayollar sonini oshirishga qaratilgan yangi qonunni qabul qilgan edi. 2016 yilda kuchga kirib, 2026 yilga qadar amal qilinadigan yangi hujjatga binoan, yirik kompaniyalar va davlat tashkilotlari muayyan foizda oddiy va rahbar lavozimlariga ayollarni ishga olishlari shart. Hozircha ular soni bo‘yicha aniq raqamlar aytilgani yo‘q.
Biroq, tez orada mamlakat bosh vaziri Shindzo Abening 2020 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari boshlanishiga qadar rahbar ayollar sonini 30 foizga yetkazish haqidagi taklifi asos qilib olinishi mumkin.
Hukumatning bunday qarorga kelishiga mamlakat aholisining soni tezkor sur'atlarda kamayib ketayotgani ham sabab bo‘lgan.