Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiyaning ilk reaktiv yo‘lovchi samolyoti sinov parvozini muvaffaqiyatli yakunladi
Yaponiyaning yangi Mitsubishi Regional Jet (MRJ) reaktiv yo‘lovchi samolyoti 11 noyabr kuni birinchi sinov parvozini amalga oshirdi. Bu haqda Reuters xabar qilmoqda.
Avval xabar qilganimizdek, samolyot Nagoya aeroportidan parvozga ko‘tarilib, bir soatdan so‘ng xuddi shu havo bandargohiga qaytib keldi. Uning parvozi Mitsubishi Aircraft Corporation kompaniya saytida to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilindi.
Ta'kidlash joizki, MRJ yaratuvchilari uning ustida yetti yil davomida ish olib borishdi. Samolyotning birinchi namunasi esa 2014 yilning oktabr oyida namoyish qilingan edi. U 2017 yilning iyunidan turkum ishlab chiqariladi va sotuvga qo‘yiladi.
Bugungi kunga qadar mazkur havo kemasining 223 donasiga buyurtma berilgan. Jumladan, 32ta reaktiv samolyotni Japan Airlines sotib oladi, 100 donasiga esa Amerikaning Trans mintaqaviy aviatashuvchisi xaridor bo‘lmoqda. Mitsubishi kuchli raqobat muhiti mavjud bo‘lgan bozorda 2 mingdan ziyod samolyotlarni sotib, Kanadaning Bombardier Inc. hamda kichik yo‘lovchi samolyotlari ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda ikkinchi o‘rinda turgan Braziliyaning Embraer SA kompaniyalaridan o‘zib ketishni rejalashtirmoqda.
Texnik xususiyatlariga kelsak, MRJ samolyotining parvoz masofasi 1,8-3,7 ming kilometrni tashkil etadi. Model bir necha modifikatsiyada taqdim etiladi: 76 va 88 o‘rinli. MRJ`ning eng ustun jihati — uning tejamkorligidir. U o‘z toifasidagi samolyotlarga qaraganda 20 foiz kam yonilg‘i sarf qiladi.
Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, MRJ —qariyb yarim asr mobaynida ilk bor turkum ishlab chiqilgan va tijoriy jihatdan qiymatga ega birinchi yapon samolyotidir. Bunga qadar mamlakatda 1962 yilda turbovintli YS-11 samolyotlari ishlab chiqarilgan. Biroq ularning 200 donadan kamrog‘i sotilgan.