Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Apple kompaniyasi 2016 yilda telefonlar orqali pul to‘lay oladigan ilovani ishga tushirishi mumkin
Amerikaning Apple korporatsiyasi 2016 yilda smartfonlar yordamida bir lahzada pul mablag‘larini boshqa hisoblarga o‘tkazish yoki xaridlarni amalga oshirishga imkon beradigan mobil ilovani taqdim etishi mumkin. Bu haqda 11 noyabr kuni The Wall Street Journal jurnalining elektron ko‘rinishida e'lon qilingan maqolada so‘z boradi.
Nashr axborot manbasining so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda korporatsiya Amerika moliya kompaniyalari bilan ilovani yaratishda hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Jumladan, JP Morgan Chase, Capital One Financial, Wells Fargo va U.S Bancorp singari moliya tuzilmalari bilan maslahatlashuvlar olib borilmoqda.
Yangi tizimning texnik jihatlari to‘g‘risidagi batafsil ma'lumotlar hozircha oshkor qilingani yo‘q. Biroq, maqolada keltirilishicha, xizmat Apple tomonidan ishlab chiqarilgan qurilmalar foydalanuvchilariga naqt pul va bank kartalarisiz lahzalar ichida to‘lov qilish yoki pul mablag‘larini boshqa hisobga o‘tkazishga imkon berishi kerak.
Taxminlarga ko‘ra, ilova Apple pay nomini oladigan kompaniya to‘lov tizimi bilan bog‘lanishi mumkin. The Wall Street Journal`ning qayd etishicha, korporatsiya yangi xizmatni ishga tushirsa, shu singari ilovalar, jumladan, PayPal to‘lov tizimining Venmo mobil ilovasi bilan kuchli raqobatga kirishadi.