Jamiyat | 21:41 / 12.11.2015
2812
2 daqiqa o‘qiladi

Buxorolik ayol ijarada turgan uyidagi qimmatbaho buyumlarni olib qochib ketdi

Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi xonadonlardan birida o‘g‘rilik sodir bo‘ldi. Bu haqda “Ogoh” nashri xabar bermoqda.

Aytilishicha, xonadon buxorolik Ramazon Halimovga tegishli bo‘lgan. U o‘zining viloyatidan bo‘lgan Marvarid Rahimova ismli ayolni uyiga ijaraga qo‘ygan. O‘zining buyumlarini bitta xonaga yig‘ishtirib, xonani esa qulflab, uy egasi Buxoroga ketgan.
Rahimova yolg‘iz o‘zi yashay boshlagan. Uy egasi kamdan-kam Toshkentga yo‘li tushganida kelib turar edi. Rahimova ko‘chada tanishib qolgan ikki dugonasini uyga ko‘chirib kelib, ulardan ham pul ola boshlagan.

Bir safar Halimov qo‘ng‘iroq qilib, bir necha kundan so‘ng borib qolishini aytgan. Shunda ayol uy egasining buyumlari yig‘ishtirib qo‘yilgan xona eshigini buzib kirib, u yerdan 1.25 mln so‘mlik LG televizori, 1.85 mln so‘mlik muzlatkich, 400 ming so‘mlik ko‘rpa-to‘shak, 200 ming so‘mlik 2 dona billur vazalar, 500 ming so‘mlik 2 dona pardalar va boshqa buyumlarni o‘g‘irlab chiqib ketgan.

Uyiga kelib, bu yerda hech kim yo‘qligini aniqlagan Halimov o‘z kaliti bilan eshikni ochgan. Bu yerda o‘ziga tegishli buyumlar yo‘qolganini ko‘rib, tezda tuman IIBga murojaat qilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida o‘g‘ri ayol qo‘lga olinib, javobgarlikka tortildi. Qimmatliklar egasiga qaytarildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish