19:58 / 12.11.2015
11671

JCh-2018 saralashi: O‘zbekiston terma jamoasi KXDRni 3:1 hisobida yengdi

Bugun, 12 noyabr kuni Toshkentdagi Markaziy "Paxtakor" stadionida O‘zbekiston hamda KXDR milliy terma jamoalari o‘rtasida JCh-2018 saralash uchrashuvi o‘tkazildi.

O‘yinning boshidayoq koreyaliklar hisobni ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Chap qanotdan yetkazib berilgan uzatmani Ri Xyok Chol 11 metrli nuqta ustida bosh bilan darvozaga joyladi.

Shundan so‘ng o‘zbekistonliklar katta kuch bilan oldinga tashlanishdi va ketma-ket xavfli vaziyatlar yaratishdi. O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari olis masofalardan juda ko‘p zarba yo‘llashdi. Nihoyat, 24-daqiqaga kelib hisob tenglashdi. Jyeparov chap qanotdan aniq uzatma berdi va Sergeyev bosh bilan darvozani ishg‘ol qildi 1:1. Birinchi bo‘limda durang hisob saqlanib qolindi.

65-daqiqada Rashidovning pasidan so‘ng Geynrix darvozabon bilan birga bir vaziyatga chiqdi va ohsitagina to‘pni darvozaga yo‘lladi - 2:1.

87-daqiqada o‘ng qanotdan Rashidovning pasidan so‘ng Odil Ahmedov jarima maydoniga kirib borib darvozani ishg‘ol qildi 3:1. O‘yin mana shu hisob bilan yakuniga yetdi.

Ayni vaqtda «H» saralash guruhida KXDR terma jamoasi oltita o‘yinda 13 ochko to‘plagan holda peshqadam bo‘lib turibdi. O‘zbekiston esa guruhdagi raqiblaridan bir o‘yin kam o‘tkazgan holda 12 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallagan.

Guruhdagi ikkinchi o‘yindan Filippin maydoniga safar qilgan Yaman terma jamoasi ushbu saralash bosqichidagi ilk golini kiritish barobarida, ilk uch ochkosiga ham ega bo‘ldi. Maniladagi o‘yinda 0:1 hisobi qayd etildi. Bu natijadan keyin Filippin hisobidagi ochkolari yettitaligicha qoldi.

7-turdan keyin gurhdagi vaziyat quyidagicha ko‘rinish olgan:

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati-2018 ikkinchi saralash bosqichi doirasida o‘zining navbatdagi uchrashuvini 17 noyabr kuni Yamanga qarshi safarda o‘tkazadi.

O‘zbekiston - KXDR 3:1

Gollar: Ri Xyok Chol 2, - 0:1. Igor Sergeyev 24, - 1:1. Aleksandr Geynrix 65, - 2:1. Odil Ahmedov 87, - 3:1.

O‘zbekiston: 21.Aleksandr Lobanov, 2.Yegor Krimets, 4.Marat Bikmayev (15.Aleksandr Geynrix, 50), 5.Anzur Ismoilov, 7.Aziz Haydarov, 8.Server Jyeparov (6.Jasur Hasanov, 73), 9.Odil Ahmedov, 10.Sardor Rashidov (14.Javohir Sohibov, 89), 11.Igor Sergeyev, 19.Vitaliy Denisov, 20.Islom To‘xtaxo‘jayev.

KXDR: 1.Ri Myong Guk, 3.Jang Kuk Chol, 4.Ri Kum Chol, 7.Ri Xyok Chol (20.Kim Song Gi, 86), 9.Pak Kvang Ryong (10.An Vyong Jun, 34), 11.Jong Il Gvan, 12.Jon Kvang Ik, 13.Sim Xyon Jin, 15.Ri Yong Chol, 17.So Xyon Uk (14.So Kyong Jin, 78), 23.Ri Chol Myong.
Ogohlantirishlar: Islom To‘xtaxo‘jayev 20, Jong Il Gvan 44, Jang Kuk Chol 77, Sardor Rashidov 88.

Top