Jamiyat | 09:53 / 12.11.2015
6863
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda surxondaryolik mehmon mezbonlar tomonidan talon qilindi

Toshkentda istiqomat qilib kelgan surxondaryolik Sarvar Jumayev qishloqdoshi Tursunboy Qo‘chqorovning pullarini talonchilik bilan olib qo‘yishda ayblanib hibsga olindi. Bu haqda “Postda” nashri xabar bermoqda.
Aytilishicha, Jumayev Yakkasaroy tumanida istiqomat qilib kelgan. Bir kuni qishloqdoshi Qo‘chqorov telefon orqali Toshkentga kelishi zarurligini aytib, bir necha kun mehmon qilishini so‘ragan. Jumayev rozi bo‘lgan. Lekin mehmon yo‘ldaligida Akrom ismli qo‘shnisi Jumayevni o‘z do‘stining pullarini o‘marishga ko‘ndirgan.
Rejaga ko‘ra, uchrashuv uchun kelishilgan joyga Oybek ismli kishi Qo‘chqorovni “kutib olib”, pullarini va telefonini o‘g‘irlab qochgan.
Jumayev o‘zini bilmaganga olib, do‘sti bilan o‘g‘rini “qidirgan” ham, lekin axiyri Qo‘chqorov uning telefondagi suhbatlaridan gumonsiray boshlagan. Shunda u tuman IIBga murojaat qilgan.
So‘roq davomida Jumayev aybini tan olgan.
Surishtiruv ishlari davom etmoqda.