15:05 / 13.11.2015
11310

Dunyoning eng qimmat olmosi 7 yoshli xitoylik qizcha uchun xarid qilingani ma'lum bo‘ldi

Gongkongda yashovchi 7 yoshli qizcha Jozefina Lou dunyoning eng qimmatbaho olmosi, 12 karatlik “Moviy oy” olmosiga egalik qilmoqda.

12 noyabr kuni Sotheby’s kim oshdi savdosida 48,4 million dollarga sotilgan olmos aynan uning uchun olib berilgani ma'lum bo‘ldi. Unga otasi, milliarder Jozef Lou bu buyumni sovg‘a sifatida olib bergan.

Ma'lum qilinishicha, o‘sha kechasi auksionga tashrif buyurgan milliarder jami 77 million dollar sarflagan. U "Moviy oy"dan tashqari 16,08 karatli yorqin pushtirangdagi olmosni ham xarid qilgan va bu toshni ham qizalog‘iga sovg‘a qilgan. Bu toshga toshning yangi sohibasi sharafiga "Sweet Josephine" nomi berilgan.

Qayd etish kerakki, janob Lou azaldan qimmatbaho toshlar xaridlarini amalga oshirib keladi. U 2009 yilda hali 1 yoshda bo‘lgan Jozefina uchun 9,5 million dollar sarflab, 7,03 karatli havorang olmos xarid qilgandi va unga "Star of Josephine" nomi berilgandi.
Jozef Lou katta qizi, ayni vaqtda 13 yoshda bo‘lgan Zoini ham shunday sovg‘alar bilan siylab turadi. 2014 yilning noyabrida u katta qizi uchun 33 million yevro evaziga havorang olmos sotib olib bergandi. Bu olmosning nomi "Zoe Diamond". Zoi uchun olingan boshqa yoqut taqinchoqlar va brillant to‘g‘nag‘ich uchun milliarder 8,4 million dollar sarflagan.

O‘tgan yilda Jozef Louning boyligi Forbs jurnali versiyasiga ko‘ra 9,9 milliard dollarga baholangan.

Top