Jahon | 17:47 / 13.11.2015
2296
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada BMT sammiti o‘tkazilishi tufayli chegaralarda xavfsizlikni ta'minlash choralari joriy qilindi

Fransiya hukumati 30 noyabr kuni Parij shahrida boshlanadigan, BMTning iqlimiy o‘zgarishlarga bag‘ishlangan 21-konferensiyasi munosabati bilan mamlakatning barcha qo‘shnilari bilan chegaralarida 13 noyabr kunidan boshlab qat'iy nazorat o‘rnatiladi. Bu haqda TASS nashri Fransiya IIV rahbari Bernar Kaznevga asoslanib xabar qilgan.

Qat'iy choralar shu yilning 13 dekabrigacha amal qiladi. Vazirning aniqlik kiritishicha, chegaralarda xavfsizlikni ta'minlash uchun politsiyaning 30 ming nafar xodimi safarbar qilinadi. Konferentsiya boshlanishi arafasida va u bo‘lib o‘tayotgan kunlarda tartiblar yanada keskinlashadi.

"13 noyabrdan 19 noyabrgacha mobil nazorat punktlari barpo qilinishi ishlari o‘tkaziladi. Bu muddatda chegaralar orqali harakatlanishda cheklovlar bo‘lmaydi. Konferentsiya boshlanishiga 10 kun qolganida nazorat kuchaytiriladi", deb ma'lum qilgan Kaznev.

Uning qayd etishicha, gap chegaralarni butunlay yopib qo‘yish haqida ketmayapti.

BMTning iqlimiy konferensiyasi shu yilning 30 noyabridan 11 dekabrigacha o‘tkaziladi. Unda dunyoning 80dan ortiq davlati rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish