Jahon | 01:20 / 13.11.2015
3822
2 daqiqa o‘qiladi

Islomobodda oliy darajadagi Tojikiston-Pokiston muzokaralari bo‘lib o‘tdi

Tojikiston-Pokiston munosabatlarining rivojlanish istiqbollari 12 noyabrda Islomobodda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif bilan uchrashuvidagi muzokaralarda muhokama qilindi.

Emomali Rahmon matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, Tojikiston prezidenti kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar davomida Pokiston bilan munosabatlarning mustahkamlanishi va hamkorlikning kengaytirilishi Tojikiston tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanishini ta'kidlab o‘tdi. Rahmon Pokistonning Janubiy Osiyo mintaqasi va islom dunyosidagi geostrategik holati va imijiga yuqori baho berdi va Tojikiston uchun bu davlat bilan hamkorlik qilish muhimligini aytdi.

Muzokaralar davomida siyosiy, iqtisodiy, investitsion, savdo, energetika, mudofaa hamda ilmiy-texnik va madaniy sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha fikrlar almashildi.

Ikki davlat o‘rtasidagi 23 yillik diplomatik munosabatlar davomida turli sohalarda 40 dan ko‘proq ikki tomonlama hujjatlar imzolangani ta'kidlab o‘tildi.

Tojikiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 1998 yildagi 18 mln dollardan 2014 yilda 89 mln dollargacha yetgani alohida mamnuniyat bilan ta'kidlandi.

Avtomobil va temir yo‘llar qurilishi, Pokistonning Tojikistondagi energetika loyihalaridagi ishtiroki, Tojikiston sanoatiga investitsiya kiritish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida e'tirof etildi.

Tomonlar terrorchilik va ekstremizmga qarshi birgalikda kurashish lozimligini aytib o‘tishdi.

Rahmon Navoz Sharifga Tojikistonga javob tashrifi bilan kelishni taklif qildi va uning taklifi mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish