14:26 / 13.11.2015
5117

O‘zbekistonda 2016 yilda 1 millionga yaqin ish o‘rni tashkil qilinishi rejalashtirilgan

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasida 2016 yil ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta'minlash dasturi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda UzA xabar bergan.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi mas'ul xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekistonda har yili demografik va mehnat bozori omillarini hisobga olgan holda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha bandlik dasturlari qabul qilinmoqda. 2016 yilga mo‘ljallangan dastur loyihasini ishlab chiqishda mehnat bozoridagi talab va taklif chuqur o‘rganilgani barobarida iqtisodiyot tarmoqlari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari inobatga olingan.

Dasturda belgilangan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha 2016 yilda qariyb 1 millionga yaqin, jumladan, maqsadli kompleks dasturlariga muvofiq 396,9 ming, yakka tartibdagi tadbirkorlik, kasanachilikni tashkil etish, fermer va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish orqali 595,9 ming ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

"Dasturni tayyorlash jarayonida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, ayollar, aholining ehtiyojmand qatlamlari va ishsizlar bandligini ta'minlashning aniq imkoniyat va yo‘nalishlari har tomonlama o‘rganildi. Xususan, 2016 yilda kasb-hunar kollejlarini tamomlaydigan 511,5 ming bitiruvchi bandligini ta'minlash, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish maqsadida 13 trillion so‘m bank kreditlari ajratilishi rejalashtirilgan", – deydi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a'zosi Oybek Egamov.

Dastur parametrlarining sifatli bajarilishini ta'minlashda tuman va shaharlar, tarmoqlar va korxonalar bo‘yicha mavjud elektron axborot resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish va Iqtisodiyot vazirliklari, Davlat soliq, Statistika qo‘mitalari o‘rtasida axborot almashinuvini yanada yaxshilash dastur bajarilishini ta'minlashda muhim omil bo‘ladi.

Yig‘ilishda dastur loyihasida belgilangan barcha parametrlarda rejalashtirilgan ish o‘rinlarini tashkil etish mexanizmlari muhokama qilindi.

Top