Jahon | 19:37 / 13.11.2015
4976
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya aviaguruhi Suriyada ikki kun ichida jangarilarning 289 ta obektini yo‘q qildi

Rossiyaning Suriyadagi aviaguruhi 11 va 12 noyabr kunlari 107 ta jangovor parvoz amalga oshirib, terrorchilarning 289 ta obektiga zarba berdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi vakili Igor Konashenkov ma'lum qildi. 

Zarbalar Halab, Damashq, Idlib, Lataqiya, Xama, Dar'a, Xoms, Dayr-az-Zo‘r viloyatlaridagi jangarilar pozitsiyalariga berildi.

Zarbalar natijasida jinoiy guruhlarning 34 ta qo‘mondonlik punkti va boshqaruv punkti, 16 ta o‘q-dori va yoqilg‘i-moylash materiallari ombori; o‘q-dorilar va qo‘lbola portlovchi qurilmalar ishlab chiqaruvchi zavod; terrorchilarning uchta lageri va tayyorgarlik bazasi; jangovor texnika va o‘t ochish vositalari bo‘lgan 50 ta tayanch punkti; 184 ta mustahkamlangan hudud va mudofaa pozitsiyalari yo‘q qilingan.

Dar'a viloyatidagi Jasim aholi punkti yonida Su-34 bombardimonchi samolyoti tomonidan betonni teshib o‘tuvchi BeTAB-500 aviabombasi qo‘llanishi oqibatida jangarilarning yer tagida chuqur joylashgan o‘q-dori ombori yo‘q qilindi.

Oxirgi kunlarda Suriya armiyasi Rossiya aviatsiyasi qo‘magida Suriyaning shimoli-g‘arbiga hujum boshladi. Xususan, deyarli uch yil jangarilar qurshovida bo‘lgan Kveyris aerodromi qamaldan chiqarildi. Rossiya harbiylarining ta'kidlashicha, nishonlar haqidagi ma'lumotlarning bir qismi radikal islomchilarga salbiy munosabatda bo‘lgan Suriyaning o‘rtamiyona muholifati qo‘mondonlari tomonidan berilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish