Texnologiya | 11:40 / 14.11.2015
5947
2 daqiqa o‘qiladi

Dubaydagi yong‘inlar jyetpaklar yordamida o‘chiriladi

Dubayning fuqaro mudofaasi qo‘mitasi Yangi Zellandiyaning Martin Aicraft kompaniyasidan osmono‘par binolardagi yong‘inlarni o‘chirish maqsadida 20ta jyetpak (yelkaga osiladigan reaktiv qurilma yordamida parvoz qiladigan shaxsiy uchish moslamasi) uchun buyurtma berilganini e'lon qildi, deya xabar qilmoqda The Daily Dot.

Martin Aircraft jyetpaklarni loyihalashtirish ustida bir necha yillardan buyon ish olib bormoqda. Kompaniya birinchi modelni 2016 yilda ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Reaktiv xalta yong‘inlarni o‘chirish uchun juda mos tushadi, u vertikal harakat qilishga va chiqish qiyin bo‘lgan joylarga yetib olishga imkon beradi.

Reaktiv xaltalar ushbu shaharda dunyodagi eng baland bino joylashgani uchun ham zarur. Dubay muhandislari kelgusida ham osmono‘par binolar qurishni rejalashtirgan. Shu sababdan 300 metrgacha balandlikka ko‘tarila oladigan jyetpaklar yong‘inlarni bartaraf etishga ko‘mak berishi aytilmoqda.

Aytish kerakki, Dubay fuqaro muhofazasi qo‘mitasi bu kabi qurilmalardan birinchi marta foydalanayotgani yo‘q. 2014 yilda qo‘mita yetib borish murakkab bo‘lgan hududlarda o‘t o‘chirishga yordam berishi uchun 15ta kvadrokopter sotib olgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish