07:34 / 14.11.2015
2955

Qirg‘iziston bosh vaziri: biz o‘z imkoniyatlarimizgagina tayanib, bor mablag‘imizdan kelib chiqib yashashni o‘rganishimiz kerak

“Yaqin yillarda biz o‘z imkoniyatlarimizgagina tayanib, ehtiyojlarimizga, bor mablag‘imizdan kelib chiqib yashashni o‘rganishimiz kerak”, deb aytdi Qirg‘iziston yangi Vazirlar mahkamasining birinchi kengaytirilgan majlisida Qirg‘iziston bosh vaziri Temir Sariyev.

Sariyevning aytishicha, yangi Vazirlar mahkamasi shakllantirilgandan keyin uning 80 foiz tarkibi o‘zgarmadi. Biroq parlament va prezident tomonidan bildirilgan ishonch Vazirlar mahkamasi ishida kamchiliklar yo‘q emasligini anglatmaydi.  

“Biz murakkab vaqtda ishlashni boshladik. Biz vujudga kelayotgan muammolarni qisqa muddatlarda tezkorlik bilan hal qila olishimizni isbotladik. Biz barcha masalalarni vaqtida hal qildik, joylarga borib, aholi bilan uchrashdik. Biz ularda hammasi yaxshi bo‘lishiga umid uyg‘otdik, shuning uchun uchun bizga yana ishonch bildirishdi. Hozir oldimizda katta muammolar turibdi. Ko‘plab davlatlarda iqtisodiy inqiroz va YaIM pasayishi alomatlari kuzatilmoqda. Jumladan bizning yaqin qo‘shnilarimiz – Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Belarusda bunday vaziyat mavjud”, deb ta'kidladi Sariyev.   

“Natijada talab, xarid narxlari va ishbilarmonlik faoliyati pasaymoqda. Bu bizga ham bevosita ta'sir ko‘rsatadi. Shuning uchun biz tezkorlik bilan choralar qabul qilishimiz kerak. Prezident parlament yig‘ilishidagi murojaatida yaqin yillarda bizning oldimizda muhim vazifa – moliyaviy va iqtisodiy mustaqillikka erishish vazifasi turganini aytdi. Biz bunga qisqa muddatlarda erishishimiz kerak va mamlakatning byudjyetini anchagina oshirishimiz lozim”, deb qo‘shimcha qilib o‘tdi Temir Sariyev.  

Top