09:03 / 14.11.2015
2530

Qirg‘izistonlik bojxonachilar Tojikistondan noqonuniy yo‘l bilan olib kirilayotgan qariyb bir tonna paxtani to‘xtatib qolishdi

Qirg‘iziston bojxonasida Tojikistondan mamlakatga noqonuniy yo‘l bilan olib kirilayotgan qariyb bir tonna paxta to‘xtatib qolindi, deb xabar bermoqda Qirg‘iziston davlat bojxona xizmati.

“Janub” tezkor bojxona xodimlari tomonidan Botken tumanidagi “Qora-Bog‘” qishlog‘ida Tojikistondan mamlakatga noqonuniy yo‘l bilan og‘irligi 850 kg bo‘lgan qayta ishlangan paxta olib kirish holati aniqlandi. Paxtaning narxi 102 ming qirg‘iz so‘mini tashkil qiladi”, deb xabar bermoqda bojxona matbuot xizmati.

Paxtaning umumiy qiymati 100 ming qirg‘iz so‘midan ko‘proqni tashkil qilgani uchun ushbu holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atish maqsadida tezkor-tergov ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, qirg‘iz bojxonachilari 10 noyabrda Tojikistondan noqonuniy yo‘l bilan 2,2 tonna uzum va bir tonnaga yaqin xurmo olib kirish holatining oldini olishgan edi.

Qayd etilishicha, ushbu holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Qirg‘iziston joriy yilning avgustidan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining 5-a'zosiga aylandi. Bu Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasida bojxona nazoratining avtomatik bekor qilinishi va Qirg‘iziston hududining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi yagona bojxona tarifiga o‘tishini anglatadi. Biroq Tojikiston hozircha ittifoq a'zosi hisoblanmaydi.

Top