00:00 / 14.11.2015
3684

Rossiyaning Sverdlovsk viloyati musulmonlari idorasi raisi boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi

Joriy yilning 13 noyabr kuni Rossiyaning Sverdlovsk viloyati musulmonlari idorasi raisi, muftiy Abdulquddus Asharin boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi. Unga idora xodimi A.N.Starostin, Sverdlovsk viloyati “Azan” masjidi imom-xatibi N.F.Xakimov va Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi xodimi M.G.Smirnov hamrohlik qildilar.

Mexmonlarni O‘zbekiston imusulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov qabul qildi.

Mexmonlarni qutlab, U.Alimov O‘zbekistonda diniy erkinliklar, e'tiqod rangbarangligi va turli millatlar tinch, osuda hayot kechirib kelayotganlari to‘g‘risida batafsil so‘zlab berdi.

Jumladan, yurtimizda islom diniga mansub 2000 dan ziyod diniy tashkilotlar mavjudligi, ularda musulmonlar ibodat qilishlari, diniy ta'lim olishlari, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishlari uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratilganligini ta'kidlab o‘tdi. Xususan, uchrashuv kechayotgan joy “Hazrati Imom” majmuasi 2007 yilda Prezidentimiz I.Karimov tashabbusi bilan yangi chiroy va tus olib, qayta qad ko‘targanligi alohida so‘zlab berildi.

Sverdlovsk viloyati muftiysi A.Asharin o‘z navbatda samimiy qutlov va yuqori martabada tashkil etilgan uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirib, “O‘zbekistonga ilk qadam qo‘yganimdan, shu zaminda bag‘rikenglik ruhini sezdim. Birinchi ziyorat qilgan “Minor” masjidi, undagi sharoitlar, masjidning maxobati, musulmonlar uchun qulayliklarni ko‘rib lol qoldim. Darhaqiqat, O‘zbekistonda fuqarolarning ma'naviy hayotiga katta e'tibor berilayotganiga amin bo‘ldim”, dedi.

Shuningdek, A.Asharin, dunyoda xali hanuz o‘z xavfini solib turgan diniy ekstremizga qarshi kurash yo‘lida harakat qilib kelayotgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi olimlarining ma'naviy, targ‘ibot ishlari tahsinga sazovor. Jumladan, o‘z vaqtida va dolzarb mavzuda, ko‘pgina savollarga javob beruvchi manba sifatida vujudga kelgan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan nashr etilgan “Smuta IGIL” kitobiga yuksak baho berdi.

A.Asharin, o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish lozimligini ta'kidlab o‘tar ekan, albatta, ular yaqin kelajakda o‘z samarasini berishligiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.

O‘MI Matbuot xizmati 

Top