Jahon | 17:56 / 14.11.2015
13355
2 daqiqa o‘qiladi

Telefon parijlik yigitni terrorchilar o‘qidan asrab qoldi

Parij terakti guvohlaridan biri o‘z mobil telefoni jonini asrab qolgani haqida aytib berdi. iTele nashrida yozilishicha, uning qo‘lidagi telefon o‘qni qaytarib qolgan.

Silvestr ismli ushbu yigit "Stad de Frans" stadioni yaqinida telefonda muloqot qilayotgan chog‘da terakt boshlangan. Uning yelkasi va oyog‘iga o‘q tekkan, yana bir o‘qni esa u qulog‘ida tutib turgan telefon tutib qolgan.

"Bu telefon boshimga kelayotgan o‘qdan meni to‘sib qoldi. Agar u bo‘lmaganida men tirik qolmas edim", degan u.

Eslatib o‘tamiz, 13 noyabr oqshomida Parijda davomli teraktlar sodir etildi.

Terrorchilar avvaliga Fransiya va Germaniya o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tayotgan «Stad de Frans» stadioni yaqinida portlash sodir etdi. Shundan so‘ng, Sena daryosi bo‘yidagi bir qator restoranlarda xo‘randalarga qarata o‘t ochildi.

Eng asoratli voqealar esa "Batlakan" teatrida yuz berdi. Kontsert vaqtida binoga kirib kelgan jangarilar 4 tomonga o‘t sochib, yuz nafarga yaqin kishini otib tashlab, ko‘plab kishilarga jarohat yetkazishdi.

So‘nggi rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, teraktlar oqibatida 128 kishi halok bo‘lgan, 200 ga yaqin odam tan jarohati olgan.

OAVlarda esa halok bo‘lganlar soni 150 nafar, jarohatlanganlar 250 nafarligi aytilmoqda.