Jahon | 20:18 / 15.11.2015
7631
4 daqiqa o‘qiladi

Antalyada G20 sammiti ochildi

"Katta yigirmatalik" (G20) davlatlari 15 noyabr kuni Turkiyaning Antalya viloyatidagi Belek shahrida tashkilotning navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun to‘planishdi.

Davlat rahbarlari birgalikda suratga tushishdi va OAV uchun yopiq bo‘lgan rasmiy nonushta sari yo‘l olishdi. Sammit dasturida tushlik chog‘ida ishtirokchilar rivojlanish va iqlim o‘zgarishi masalalarini muhokama qilishi belgilangandi.

Tushlikdan so‘ng “Qamrovli o‘sish: global iqtisodiyot, o‘sish strategiyalari, bandlik va investitsiya strategiyalari” mavzusida o‘tkaziladigan sessiyasi boshlandi.

Turkiya Respublikasi bosh vaziri tomonidan ishtirokchi mamlakat rahbarlari va ularning rafiqalari sharafiga qabul marosimi uyushtirilgan.

Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an raisligida o‘tkaziladigan kechki amaliy ziyofat chog‘ida esa “Global sinovlar: terrorizm, qochqinlar bilan bog‘liq muammolar” mavzusi ko‘tarilishi belgilangandi. Lekin sammit arafasida Parij terakti sodir bo‘lgani munosabati bilan rahbarlar dastlab ushbu terakt haqida fikr almashishadigan bo‘ldi.

Sammitning 2-kuni 2015 yil 16-noyabrda dastlabki amaliy sessiyada sammit ishtirokchilari “Chidamlilikning oshirilishi” sarlavhasi ostida moliyaviy qoidalar, xalqaro soliq kun tartibi, korrupsiyaga qarshi kurash hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasini (XVJ) isloh qilishga doir masalalarni ko‘rib chiqadilar.

Mazkur tadbirdan so‘ng o‘tkaziladigan amaliy tushlik chog‘ida savdo va energetika mavzulari muhokama qilingach, Antalya deklaratsiyasi hamda Antalya harakat rejasi qabul qilinadi.

2016 yil “Katta yigirmalik”ning amaldagi raislik navbatini kabul qilib oladigan Xitoy xalq respublikasi rahbari tomonidan amaldagi raislik davrida e'tibor qaratiladigan ustuvor yo‘nalishlar borasida o‘tkaziladigan taqdimot bilan sammit o‘z nihoyasiga yetadi.

Antalya sammiti bo‘yicha natijalar Turkiya Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘tkaziladigan matbuot anjumani orqali keng jamoatchilikka ma'lum qilinadi.

Ma'lumot uchun, “Katta yigirmalik” ( G20 — inglizcha The Group of Twenty, major advanced and emerging economies) — hukumat va markaziy bank raxbarlarining klubi bo‘lib, unga iqtisodi taraqqiy etgan quyidagi davlatlar: Avstraliya, AQSh, Argentina, Braziliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Italiya, Kanada, Xitoy, Meksika, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Janubiy Afrika Respublikasi, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi kirgan. Yevropa Ittifoqi nomidan Yevrokomissiya va Yevropa Kengashi raislari ishtirok etadi. G20 anjumanlarida, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, jumladan Moliyaviy barqarorlik Kengashi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon savdo tashkiloti, BMT, Jahon banki rahbarlari ham ishtirok etmoqda.

Sammitda BMT bosh kotibi Pan Gi Mun ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Shuningdek, Turkiya prezidenti sammitga Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyevni ham taklif qilgan.

Fransiya prezidenti Fransua Olland yurtidagi motam tufayli bu sammitga kelmadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish