Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bugun Turkiyada G 20 mamlakatlari yetakchilarining sammiti ish boshlaydi
2015 yilning 15 noyabr kuni Turkiyaning Antaliya provinsiyasidagi Belek kurort shaharchasida “katta yigirmatalik” mamlakatlari yetakchilarining sammiti o‘z ishini boshlaydi. U ikki kun davom etadi.
“Yigirmatalik guruhi” (G20) — global iqtisodiyot va moliyaviy hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun asosiy forum hisoblanadi. G20 dunyoning iqtisodi taraqqiy etgan va rivojlanayotgan yirik mamlakatlarini birlashtiradi. Jahon YaIMda ularning ulushi 85 foizni tashkil etadi. 2015 yilda G20 raisligi Turkiyaga topshirilgan.
Sammitning Parijdagi teraktlar manzarasida ish boshlayotgani uning kun tartibiga bir qator o‘zgarishlar kiritilishiga olib kelishi mumkin.
Turkiya hukumati esa qattiq xavfsizlik choralarini ko‘rgan. Belek amaliy jihatdan butunlay tashqi olamdan uzilgan. Antaliyadan 200-300 kilometr radiusda yo‘llarga politsiya postlari qo‘yilgan bo‘lib, kurort tomonga yo‘l olgan mashinalar tekshirilmoqda.
Sammit xavfsizligini ta'minlash maqsadida hukumat 14 ming nafar politsiya xodimini safarbar qilgan, Belek suv havzasi yopilgan. Turk OAV ma'lumotlariga ko‘ra, mazkur sammitning o‘tkazilishiga Turkiya 100 million dollar sarfladi.
“Katta yigirmatalik” yetakchilaridan Argentina prezidenti Kristina Kirshner va Fransiya yetakchisi Fransua Olland Turkiyaga kela olmaydi. Argentinada bo‘lib o‘tayotgan saylovga Kirshnerning qatnasha olmasligiga sabab bo‘lsa, Olland Parijdagi teraktlar munosabati bilan safarini bekor qildi. Yevrokengash vakillari va unga a'zo davlatlardan tashqari, tadbirga Ozarbayjon, Zimbabve, Malayziya, Senegal, Singapur rahbarlari ham taklif qilingan. Shuningdek, BMT, Jahon banki, Jahon savdo, valyuta va mehnat tashkilotlari rahbariyatining ishtirok etishi ham kutilmoqda.
Sammit ochilishi Toshkent vaqti bilan 14:00da bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng sessiya ish boshlaydi. Unda global iqtisodiyot, bandlik, sarmoya strategiyalari muhokama qilinadi. Kechqurun sammit ishtirokchilari terrorizm va qochqinlar inqirozi muammolarini muhokama etishadi. Ikkinchi kun moliyaviy boshqaruv, Jahon valyuta tashkilotini isloh qilish, poraxo‘rlikka qarshi faoliyat masalalari ko‘rib chiqiladi. So‘nggi sessiya energetika, halqaro savdoga bag‘ishlanadi. “Katta yigirmatalik” yetakchilari sammit bayonoti va kelgusidagi faoliyat davomida harakatlar rejasini tasdiqlashadi. Shundan so‘ng raislik Trukiyadan Xitoyga tantanali ravishda topshiriladi.