21:49 / 15.11.2015
22579

Obama va Putin G20 sammitidagi tanaffus vaqtida qaysi mavzularni gaplashishgani ma'lum bo‘ldi

G20 sammiti vaqtidagi o‘zaro uchrashuvda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh rahbari Barak Obama Suriyada tinchlik o‘rnatilishi masalasini muhokama qilishdi. 

Reyter nashri xabariga ko‘ra, prezidentlar Suriya mavzusi ko‘tarilgan Vena muzokaralari yakunlarini qayd etib o‘tishgan va Parij teraktlarini keltirib chiqargan ushbu muammoni darhol hal qilish kerakligini ta'kidlab o‘tishgan.

Ular Suriyada sulh tuzilishi bo‘yicha gaplashishgan va BMT homiyligida ziddiyatdagi tomonlarni muzokara stoli atrofida yig‘ishga kelishib olishgan.

Shuningdek, Obama Rossiyaning IShIDga qarshi harbiy harakatlari muvofiqlashtirilishini so‘ragan.

Biroz oldinroq, Obama va Putin 20 daqiqa davomida gaplashishgani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, 14 noyabrga o‘tar kechasi Fransiya poytaxti Parij shahrida IShID jangarilari tomonidan davomli teraktlar sodir etildi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu xunrezliklar natijasida 129 kishi halok bo‘lgan, jarohatlanganlar soni 352 nafarni tashkil etadi. Jarohatlanib shifoxonaga yotqizilganlarning 99 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.

Top